Jahon | 18:21 / 20.11.2024
7616
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV

Buyuk Britaniya bir necha oydan beri Qo‘shma Shtatlarga bu masala bo‘yicha bosim o‘tkazib kelayotgan edi.

Foto: AFP

Rossiyaga zarba berish uchun Britaniyaning uzoq masofali Storm Shadow raketalaridan foydalanish bo‘yicha Ukrainaga AQSh tomonidan qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumatidagi yuqori martabali manbalarga tayanib The Times xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning bu masala bo‘yicha pozitsiyasi «Ukrainaga o‘zini o‘zi himoya qilish uchun mos deb bilgan tarzda qurol ishlatishga ruxsat berishdan iborat». Buyuk Britaniya bir necha oydan beri Qo‘shma Shtatlarga bu masala bo‘yicha bosim o‘tkazib kelgan.

Nashrning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar raketalarni pastlab uchishi uchun zarur bo‘lgan navigatsiya ma’lumotlarini taqdim etadi va ular 250 km masofaga uchadi. Dastlab, Oq uy ziddiyatning kuchayishdan qo‘rqib, ruxsat berishdan bosh tortib kelayotgan edi.

Biroq, The Times nashrining Britaniya Tashqi ishlar vazirligidagi manbasiga tayanib yozishicha, «burilish nuqtasi» Rossiya tomonidan KXDR askarlarini mojaroga tortilishidan keyin yuz bergan.

Avvalroq, AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llashga ruxsat bergan edi. Shundan so‘ng, Kir Starmer Storm Shadow raketalaridan foydalanish faqat «vaqt masalasi» ekaniga ishora qila boshladi. The Times manbalari bosh vazirning ritorikani o‘zgartirishni «qasddan qilingan» deb ta’riflab, buni AQSh cheklovlarining bekor qilinishi bilan bog‘laydi.

17 noyabr kuni The New York Times gazetasi AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Kursk oblastidagi operatsiyada ishtirok etayotgan Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalarini himoya qilish uchun uzoq masofali ATASMS raketalaridan foydalanishga ruxsat berganini yozdi.

18 noyabr kuni RBK-Ukraina nashri o‘zining harbiy-siyosiy doiralardagi yuqori martabali manbasiga tayanib, Buyuk Britaniya va Fransiya Ukrainaga Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalanishga ruxsat berganini, ammo bu ruxsat faqat Kursk oblastiga tegishli ekanini yozdi.

19 noyabr kuni Ukraina ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga birinchi marta zarba yo‘llagani haqida Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Mavzuga oid