Jamiyat | 19:04 / 21.11.2024
6612
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi bolalar shifoxonasida bemorlar ko‘paygani aks etgan videoga munosabat bildirildi

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 1-sonli bolalar klinik shifoxonasida kuz-qish mavsumida bemorlar ko‘paygan. Tuman tibbiyot boshqarmasi shifoxonada respirator kasalliklar uchun qo‘shimcha bo‘lim ochilganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 1-sonli bolalar klinik shifoxonasi bemorlar bilan to‘lgani aks etgan video tarqaldi. Tuman tibbiyot bosh boshqarmasi holatga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, kuz-qish davrida mavsumiy kasalliklar keng tarqalishi kuzatilayotgani uchun muassasaga murojaatlar soni sezilarli darajada ko‘paygan.

Boshqarma bemorlarga qulaylik bo‘lishi uchun shifoxona bo‘limlarida qo‘shimcha 55 o‘rin tashkil etilganini, 40 o‘rinli ko‘z mikrojarrohligi bo‘limining epidemik mavsum barqarorlashgunga qadar o‘tkir respirator kasalliklarni qabul qilish uchun profili o‘zgartirilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, ambulator murojaat qilgan va shifoxonadan 2-bosqich davolanishga chiqarilgan bemorlar bo‘yicha oilaviy poliklinikalar bilan hamkorlikda ishlayotgani va mavsumiy kasalliklar bilan ko‘proq ishlash yo‘lga qo‘yilayotgani ma’lum qilingan.

Ma’lumot uchun, 1-son bolalar klinik shifoxonasi 425 o‘ringa ega va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan. Shifoxonaga bir kunda o‘rtacha 450-500 nafar bemor murojaat qiladi. Muassasada 138 nafar shifokor, 401 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ishlaydi.

Mavzuga oid