O‘zbekiston | 11:46 / 13.12.2024
1398
2 daqiqa o‘qiladi

Beshta viloyatda nogironligi bor fuqarolar 10 foizga ko‘paydi

Respublika bo‘yicha 33 ta tumanda nogironligi borlarning reabilitatsiya qamrovi 1 foizga ham yetmasligi tanqid qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tyapti.

Yig‘ilish kun tartibidagi navbatdagi masala nogironligi borlar bilan ishlash bo‘ldi.

Yil boshidan nogironligi borlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryoda 10 foizga ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich 20 ta tumanda 12 foizdan yuqori.

Qaysi hokim bu masalaning ichiga kirib, sabablarini o‘rgandi, degan savolga ijobiy javob yo‘qligi qayd etildi. Respublika bo‘yicha 33 ta tumanda nogironligi borlarning reabilitatsiya qamrovi 1 foizga ham yetmasligi tanqid qilindi.

Shu bois soha uchun mas’ullar kelgusi yilda reabilitatsiya bo‘yicha keskin o‘zgarish qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Buning uchun har bir viloyat, tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi.

7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochiladi, professor-o‘qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o‘qitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mahalliy mutaxassislar malakasi oshiriladi.

Mavzuga oid