Trampning maxsus vakili: Kirillovni o‘ldirish - aqlli ish emas
Urush paytida tomonlar «janglarda qatnashmaganlarni o‘ldirmasligi kerak», dedi iste’fodagi general Kit Kellog Fox News telekanaliga bergan intervyusida. Ammo u Rossiya Federatsiyasi ham, Ukraina ham muzokaralarga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Rossiyalik general Igor Kirillovning Moskvada yo‘q qilinishi «juda yaxshi g‘oya emas edi», deydi AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya Federatsiyasi bo‘yicha maxsus elchisi etib tanlagan iste’fodagi general Kit Kellog. «Menimcha, bu muvaffaqiyatsizlik emas, lekin aytmoqchimanki, urush qoidalari bor va siz ba’zi narsalarni qilmasligingiz kerak. Masalan, jang maydonida yarador askarlar o‘ldirilmasligi, janglarda qatnashmayotganlar o‘ldirilmasligi kerak», dedi Kellog 18 dekabr, chorshanba kuni Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida. Uning tushuntirishicha, «muhim generallarni o‘z ona shahrida o‘ldirish» urush qoidalarini o‘zgartiradi, uning fikricha, bu «yaxshi g‘oya emas». »Menimcha, bu aqlli ish emas», deb qo‘shimcha qildi Kit Kellog.
Shu bilan birga, Donald Trampning maxsus vakili Rossiya ham, Ukraina ham urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga kirishishga tayyor ekaniga va Tramp aynan bu muloqotda vositachilik qilishga qodir siyosatchi ekanligiga ishonch bildirmoqda. «Menimcha, u buni qanday qilish kerakligi haqida tasavvurga ega. U buni amalga oshirish uchun kuchga ega. Va menimcha, u aslida har ikki tomonni bir joyga to‘plash va gaplashishga tayyor», dedi Kellog.
Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kiyevga borishni rejalashtirmoqda
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya Federatsiyasi bo‘yicha o‘zining maxsus vakili etib tanlagan iste’fodagi general Kit Kellog yanvar oyi boshida Yevropaning bir qancha poytaxtlariga, jumladan Kiyevga ham tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 17 dekabr kuni Reuters axborot agentligi xabar berdi. Unga ko‘ra, Moskvaga tashrif hali Kellogning rejalariga kiritilmagan.
Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, Kellog Kiyevda Ukraina rahbariyati bilan uchrashmoqchi. Bundan tashqari, uning jamoasi Parij va Rimda yuqori martabali siyosatchilar bilan uchrashuvlar tayyorlamoqda. Maqsad Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha unchalik faol muzokaralar emas, balki AQShning yangi ma’muriyati uchun ma’lumot to‘plash, deya aniqlik kiritdi Reuters manbalari.
Shuningdek, Kellogning Yevropa bo‘ylab safar rejasi hali ishlab chiqish bosqichida ekanligi va uning asosiy nuqtalari o‘zgarishi mumkinligi xabar qilingan.
AQSh yangi prezidentining inauguratsiyasi 2025 yil 20 yanvarga belgilangan. Reuters suhbatdoshlarining qayd etishicha, Kellogning bundan oldin Yevropaga borish niyati Tramp Ukrainadagi kelishuvga katta ahamiyat berayotganidan dalolat beradi.
Mavzuga oid
12:00 / 18.12.2024
Moskvada rossiyalik general o‘ldirilishida O‘zbekiston fuqarosi gumonlanmoqda
07:50 / 18.12.2024
Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kiyevga borishni rejalashtirmoqda
11:05 / 17.12.2024
Moskvada Rossiya armiyasining nufuzli generali portlatib yuborildi
18:30 / 28.11.2024