Amerikalik harbiylar Qizil dengiz ustida o‘z qiruvchisini urib tushirdi
Amerika harbiylari Yamandagi husiychilarning pozitsiyalari bo‘ylab zarba yo‘llayotgan vaqtida xatolik tufayli Qizil dengiz ustida o‘z harbiy qiruvchi samolyotini urib tushirgani haqida xabar berdi.
AQSh qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, F/A-18 Hornet samolyoti Amerika harbiy kemasidan uchirilgan raketa bilan urib tushirilgan. Ekipajning ikki a’zosi ham katapulta qilingan va omon qolgan, pilotlardan biri yengil tan jarohati olgan.
«USS Harry S Truman aviatashuvchi zarbdor guruhi tarkibidagi USS Gettysburg raketa kreyser tasodifan zarba berib, USS Harry S Truman aviatashuvchisidan havoga ko‘tarilgan F/A-18 Hornet samolyotini urib tushirdi», — deyilgan xabarda.
Hodisa amerikalik harbiylar Yaman poytaxti Sano shahrida husiychilarning raketa saqlash obekti hamda qo‘mondonlik punktiga bir necha havo zarbalari yo‘llashidan keyin sodir bo‘lgan.
AQSh harbiylari xuddi shu pallada Eron qo‘llovidagi husiychilar tomonidan uchirilgan bir necha dron va kemalarga qarshi raketalarni ham urib tushirganini qo‘shimcha qilgan.
AQSh harbiylari urib tushirilgan samolyot husiychilarga qarshi amaliyotda ishtirok etgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.
Husiychilarning kemalar bo‘ylab zarbalari
Amerika qo‘mondonligi Sano bo‘ylab zarbalar husiychilarning AQSh kemalari, shuningdek, Qizil dengiz janubida, Bob-al-Mandib bo‘g‘ozi va Adan ko‘rfazida suzuvchi boshqa savdo kemalariga hujumlarining oldini olishga qaratilganini ma’lum qilgan.
Husiychilar 2023 yil oktyabrida, Hamasning Isroil hududiga hujum qilishi ortidan G‘azo sektorida falastinliklar guruhiga qarshi amaliyot boshlangach, Isroil hamda boshqa davlatlarga tegishli kemalar bo‘ylab raketalar va dronlar orqali hujum qila boshladi.
2023 yil noyabrida shunday zarbalar oqibatida Qizil dengizda ikkita kema cho‘ktirib yuborilgandi. Husiychilar biror dalil keltirmagan holda faqat Isroil, AQSh yoki Buyuk Britaniyaga aloqador kemalarni nishonga olayotganini bildirgan.
Husiychilarning harakatlariga javoban AQSh, Buyuk Britaniya va yana 12 mamlakat muhim savdo yo‘llari o‘tuvchi Qizil dengizdagi kemachilik muhofazasi bo‘yicha amaliyot boshlagan.
Shanba kuni isroillik harbiylar Yamandan uchirilgan raketalardan birini urib tushira olmagani va u Tel-Avivdagi xiyobonlardan biriga tushganini ma’lum qildi. Isroil favqulodda xizmatlari 16 kishi derazalar siniqlari tushishi tufayli yengil tan jarohati haqida ma’lum qilgan. Yana 14 kishi boshpanalarga yashirinishga uringanida yaralangan.
Husiychilar vakili bu zarba tovushdan tez harakatlanuvchi raketa orqali amalga oshirilganini aytgan.
Hafta boshida Isroil Yaman bo‘ylab zarbalar yo‘llagandi, Sanodagi port va energetika infratuzilmalari hujum nishoni bo‘lgan. Husiychilar orasidagi manba zarbalar oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lganini bildirgan.
Husiychilar G‘azodagi urush yakunlanmagunicha zarba berishda davom etishni va’da qilgan.
Mavzuga oid
18:08 / 19.12.2024
Isroil ilk bor Yaman poytaxtiga zarba berdi
10:10 / 26.11.2024
Rossiya Ukrainadagi urushga yamanliklarni yollamoqda - The Financial Times
21:05 / 25.11.2024
Qizil dengizda ichida turistlar bo‘lgan kema cho‘kib ketdi
19:21 / 24.11.2024