Qamoqqa olingan shaxs uchun majburiy tibbiy ko‘rik joriy etilishi mumkin
Shu mazmundagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilindi. Bu chora qiynoqlarning oldini olishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.
23 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin unda qiynoqqa solish yoki boshqa holatlar oqibatida olingan jarohatlarni, shikastlanishlarni va yaralarni aniqlash maqsadida tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilanmoqda. Bu jarayonda advokatning ishtiroki ta’minlanadi va ko‘rik zamonaviy apparatlar yordamida olib boriladi.
Yig‘ilishda qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga keltirilgandan boshlab qancha muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi haqida yakdil fikr bildirilmadi. Bu mutaxassislardan taklif olingan holda, keyingi yig‘ilishda muhokama qilinadigan bo‘ldi.
Qayd etilishcha, rasmiylashtirilgan tibbiy xulosaning birinchi nusxasi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan shaxsga ko‘rsatilib, yig‘majildiga tikilishi, ikkinchi nusxasi shaxsni qamoqqa keltirgan xodimlarga berilishi belgilanmoqda.
Agar qamoqqa olingan shaxsning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olingan shaxsga ma’lum qilinishi va zudlik bilan prokurorga xabar berilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, fraksiya a’zolari tomonidan qonun loyihasi konseptual jihatdan ma’qullangan.
Mavzuga oid
10:54 / 06.12.2024
Rossiyada farzandini qiynoqqa solgan o‘zbekistonlik ayol qamaldi
16:01 / 28.10.2024
Qibrayda bepul tibbiy ko‘rik uchun o‘qituvchilardan pul olinayotgani aytilmoqda
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
10:59 / 21.08.2024