Jahon | 00:15 / 06.01.2025
5607
3 daqiqa o‘qiladi

Nyu York markaziga kirish pulli bo‘ldi

Foto: Forbes

5 yanvardan boshlab yengil avtomobil haydovchilari Nyu Yorkning eng tirband hududlaridan biri — Manhettenga tig‘iz vaqtda kirish uchun 9 dollar to‘lashi kerak.

Rasmiylar bu orqali tirbandliklar kuzatiladigan mazkur hududda har kuni 80 mingga yaqin mashina harakatini kamaytirish niyatida.

Nyu Yorkning eng gavjum maskaniga kirish narxi transport vositasining turi va kunning qaysi vaqti ekaniga bog‘liq. Yengil avtomobillar uchun u kechasi 2,25 dollarni, tig‘iz vaqtda esa 9 dollarni tashkil etadi. Kichik yuk mashinalari va ayrim avtobuslar tig‘iz vaqtdagi harakat uchun 14,4 dollar, kechki vaqtda esa 3,6 dollar to‘laydi. Shahar hukumatining rejasiga muvofiq, bu kabi tariflar 2028 yilgacha amalda bo‘ladi, keyin esa oshiriladi.

«Mazkur chora — serqatnov zonaga kirish uchun to‘lov — Nyu Yorkdagi tirbandliklarga qarshi kurashishga qaratilgan. Uning maqsadi bitta — jamoat transport tizimini rivojlantirish uchun mablag‘ to‘plash», — deyiladi xabarda.

Shtat gubernatori Keti Hokul shaharda pulli kirish zonasini tashkil etish taklifini hukumatga ilk bor ikki yil oldin bildirgan edi. Transportda muntazam ishga qatnaydiganlar va mahalliy bizneslar shikoyati sabab reja bir necha bor qayta ko‘rib chiqilgan, uning joriy etilishi qoldirilgan.

5 yanvardan ishga tushirilgan sxema 2024 yil iyunda taqdim etilgandi, ammo o‘shanda Xokul uni «Nyu York aholisi uchun juda ko‘p kutilmagan oqibatlar» sabab to‘xtatib qo‘ygandi.

Tirbandliklar kuzatiladigan zonaga kirish uchun pul to‘lashga shahar taksistlar assotsiatsiyasi hamda AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ham qarshilik bildirgan. Tramp prezidentlik lavozimiga kirishganidan keyin ushbu sxemani yo‘qotishga va’da bergan.

INRIX kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Nyu York ketma-ket ikki yildan beri tirbandlik bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Kompaniya hisobotida keltirilishicha, 2024 yilning birinchi choragi davomida Manhetten markazidagi avtomobillar tig‘iz vaqtda soatiga 17 kilometr tezlikda harakatlangan.

Mavzuga oid