O‘zbekiston | 19:06 / 07.01.2025
8979
3 daqiqa o‘qiladi

Romitanning sudlanayotgan “zamhokimi” ishdan olingani ma’lum bo‘ldi. Ammo bu jamoatchilikdan yashirilgan

2024 yil martidan Romitan tumani hokimining innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Aziz Boboyev firibgarlikda ayblanishi ortidan 30 oktyabr kuni “o‘z arizasiga binoan” ishdan olingan. Ammo bu negadir jamoatchilikdan sir tutilgan. Hatto hokimning tegishli farmoyishi “shaxsga doir ma’lumotlar borligi” vaji bilan yashirib qo‘yilgan.

Foto: Romitan tumani hokimligi

Buxoro viloyati Romitan tumani hokimining innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Boboyev 2024 yil 30 oktyabrda lavozimidan ozod qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Romitan tumani hokimi U.Barnoyevning farmoyishi qabul qilingan.

Hujjatda Aziz Boboyev “o‘zi arizasiga binoan” egallab turgan lavozimidan ozod etilishi hamda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi belgilangan.

Biroq lavozimga tayinlangani jamoatchilikka ovoza qilingan “zamhokim”ning ishdan bo‘shatilgani negadir ommadan sir tutilgan. Hatto uni lavozimdan ozod qilish haqidagi tuman hokimining farmoyishi ham e-qaror.gov.uz platformasida yopiq holda berilgan. Bunga sabab sifatida esa hujjat mazmunida shaxsga doir ma’lumotlar, amaldagi qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan axborot mavjudligi keltirilgan.

Boshqa xodimlar vazifasidan ozod etilganda hokimlikning “shaxsga doir ma’lumot borligi” vaji negadir “ishlamagan”.

Bir xil mazmundagi ikki farmoyish: sudlanayotgan tuman hokimi o‘rinbosariniki yopiq, kotibniki esa ochiq holda e’lon qilingan.

Holat yuzasidan Romitan tumani hokimligi munosabat bildirdi. Unda ta’kidlanishicha, Aziz Boboyevga hokim yordamchisi lavozimida ishlagan davri uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“2024 yil mart oyida Aziz Boboyev Romitan tumani hokimining innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. Biroq 2024 yil 30 oktyabr kuni Aziz Boboyev o‘z arizasiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etilib, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Hozirgi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi tomonidan Aziz Boboyev 2022-2024 yilning mart oyi mobaynida Hazortut mahallasida hokim yordamchisi lavozimida faoliyat olib borgan davri uchun e’lon qilingan ayblov ishi bo‘yicha unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan anglashiladiki, Aziz Boboyev Romitan tumani hokimi o‘rinbosari sifatida emas, balki bundan avvalgi faoliyatidagi qilmishlari uchun ayblanmoqda”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Ammo hokimlik o‘z rasmiy munosabatida Aziz Boboyevning lavozimdan ozod etilishi haqidagi hokim farmoyishi nega jamoatchilikdan yashirilganligini ochiqlamagan.

Avvalroq Romitan tumani hokimi o‘rinbosari Aziz Boboyev akasi Laziz Boboyev bilan birga firibgarlik hamda hujjatlarni qalbakilashtirishga oid ishda sudlanayotgani xabar qilingandi. Jinoyat ishi Aziz Boboyev hokim o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Romitan tuman sudida ko‘rib chiqilyapti.

Mavzuga oid