Jahon | 23:41 / 15.01.2025
1043
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada davlatga xavf tug‘diruvchi shaxslar fuqarolikdan mahrum qilinadi

Mamlakat konstitutsiyaga josuslik yoki davlatga xiyonatda ayblangan shaxslar fuqaroligini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritiladi.

Foto: Getty Images

Shvetsiya o‘z konstitutsiyasiga davlatga xavf tug‘diruvchi shaxslarni mamlakat fuqaroligidan mahrum qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishni kiritishga tayyorlanmoqda, deb xabar beradi Reuters.

Partiyalararo parlament qo‘mitasi tomonidan kelishilgan holda konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Shvetsiya fuqaroligini yolg‘on ma’lumotlar, pora yoki tahdidlar orqali qo‘lga kiritgan qo‘sh fuqarolikka ega, shuningdek, josuslik yoki davlatga xiyonatda ayblangan shaxslar fuqaroligi bekor qilinishi mumkin.

Shvetsiya hukumatidagi o‘ng partiya qo‘sh fuqarolikka ega jinoiy guruh a’zolarini ham fuqarolikdan mahrum etish taklifini bildirgan, ammo partiyalararo qo‘mita buni qo‘llab-quvvatlamagan. Bundan tashqari, qo‘mita o‘zgartirishlar to‘plamiga konstitutsiyada abort qilish huquqini mustahkamlovchi moddani kiritishni tavsiya qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Shvetsiya boshpana izlovchilar va ularning qarindoshlariga rekord darajada kam miqdorda yashash ruxsatnomalarini bergan. Aholisi 10,5 million kishiga yetadigan Shvetsiyaning 20 foiz fuqarolari mamlakat hududidan tashqarida tug‘ilgan.

Mavzuga oid