Ukraina hukumati mudofaa vaziri o‘rinbosarini lavozimdan bo‘shatdi
Dmitriy Klimenkov mudofaa xaridlari bilan bog‘liq mojarolar fonida lavozimdan olindi. Mamlakat mudofaa vaziri Rustem Umerovga ko‘ra, u armiya uchun xaridlar ishini «uddalay olmagan».
Ukraina hukumati mamlakat mudofaa vaziri o‘rinbosari Dmitriy Klimenkovni lavozimidan bo‘shatdi. Bu haqda hukumatning Oliy Radadagi vakili Taras Melnichuk ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Klimenkovning lavozimdan olinganini Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov e’lon qilgan.
Vazir o‘rinbosarining lavozimdan olinishi Mudofaa vazirligining Mudofaa xaridlari agentligi bilan mojarosi fonida yuz bermoqda. 24 yanvar kuni Umerov urush vaqtida qurol xaridi siyosiy o‘yinlar, shartnomalarning «sizdirilishi» va harakatsizlik piari sabab qiyinlashganini ma’lum qilgandi.
«Harbiy holat va Rossiya bilan keng ko‘lamli urush vaqtida yopiq bo‘lishi kerak bo‘lgan qurollar xaridi nima uchundir Amazonʼga aylanib ketdi, internetning har bir foydalanuvchisi real vaqtda nima xarid qilinayotgani, qancha hajmda va qaysi ishlab chiqaruvchilardan olinayotganini ko‘rishi mumkin. Hech bo‘lmaganda OAVdagi piar bilan o‘lchangan ushbu xaridlar ko‘lamini esa frontdagi himoyachilarimiz baribir his qilmadi», — degan vazir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, shu munosabat bilan o‘rinbosari Dmitriy Klimenko lavozimdan olingan, Mudofaa xaridlari agentligi rahbari Marina Bezrukova bilan shartnoma esa uzaytirilmaydi. Umerovning so‘zlariga ko‘ra, ular armiya uchun xaridlar ishini «uddalay olmagan».
O‘z navbatida Mudofaa xaridlari agentligi Bezrukova rahbarligi ostida faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi, chunki Kuzatuv kengashi bir ovozdan u bilan shartnomani uzaytirishga qaror qilgan va faqat u amaldagi shartnomani uzaytirish yoki buzishi mumkin.
«RBK Ukraina»ning eslatishicha, Ukraina Mudofaa vazirligi budjet mablag‘laridan samarasiz foydalanishda gumonlangani va UQK uchun zarur qurollarning yetkazib berilishi kechiktirilgani sabab mojarolar domida qolgan. Xususan, ta’kidlanishicha, Mudofaa xaridlari agentligi 1941 yilda ishlab chiqarilgan tankka qarshi minalarning har bir donasini qariyb 600 yevrodan sotib olgan.
Mavzuga oid
14:10 / 10.02.2025
YeK rahbari: Yevropa Ittifoqi mudofaani o‘z qo‘liga olishi kerak
15:31 / 09.02.2025
Kim Chen In Rossiya armiyasining «adolatli ishini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini» aytdi
15:40 / 08.02.2025
General Ben Xodjyes Ukrainani NATO va Yevropa Ittifoqiga qabul qilishga chaqirdi
08:56 / 08.02.2025