Jahon | 09:18 / 15.09.2025
3697
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Memfisga Milliy gvardiya jangchilarini jo‘natishini e’lon qildi

AQSh prezidenti Vashingtondan keyin Memfisga Milliy gvardiya bo‘linmalarini joylashtirmoqchi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu jinoyatga qarshi kurashish uchun zarur.

Foto: Valerie Plesch/Bloomberg via Getty Images

AQSh Milliy gvardiyasi qo‘shinlari jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun Memfis shahri (Tennessi shtati)ga yuboriladi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.

«Biz Memfisga boramiz. Memfis chuqur inqirozda. Biz buni xuddi Vashingtondagi kabi tuzatamiz», dedi Tramp Fox News telekanali efirida.

Tramp Milliy gvardiya qo‘shinlarini Memfisga joylashtirish rejalarini, ularni Chikagoga jo‘natish haqidagi oldingi rejalariga qarshilik ko‘rsatilishi fonida e’lon qildi. 7 sentabr kuni Chikagoda minglab odamlar namoyishga chiqdi va Illinoys shtatining demokratik gubernatori Jyey Bi Pritsker Tramp «Amerika shahriga urush bilan tahdid solayotganini» aytdi.

Milliy gvardiya bo‘linmalari avgust oyida Vashingtonga yuborilgan edi. Bu kuchlar o‘qotar qurol olib yurish huquqiga ega. Ulardan faqat «oxirgi chora sifatida va faqat hayot yoki sog‘liq uchun bevosita tahdidga javob sifatida» qo‘llanishi mumkin, deyiladi Milliy gvardiyani nazorat qiluvchi qo‘shma ishchi guruh bayonotida.

Mavzuga oid