Jahon | 21:44 / 23.09.2025
60430
2 daqiqa o‘qiladi

13 yoshli afg‘on bola samolyot shassisiga yashirinib Dehliga uchib bordi

U mo‘jiza tufayli tirik qolgani ta’kidlanmoqda. Taxminan 10 km balandlikdagi parvoz kislorodning past darajasi tufayli tezda hushdan ketish va o‘limga, o‘ta sovuq tufayli muzlab qolishga olib keladi.

Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat

13 yoshli afg‘on bola KAM Air aviakompaniyasi samolyoti shassisiga yashirinib, Kobuldan Dehliga uchib bordi, deb xabar berdi The Independent.

Qayd qilinishicha, Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahrida yashovchi bola samolyot Indira Gandi nomidagi Dehli xalqaro aeroportiga ikki soatlik parvozdan so‘ng qo‘nganidan keyin topilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, o‘smir Kobul aeroportining cheklangan hududiga kirib, KAM Air samolyoti shassisining orqa bo‘linmasiga yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. Qo‘nishdan so‘ng, aviakompaniya xodimlari uni samolyot yonida payqab qolgan va aeroport xavfsizlik xizmatiga xabar bergan.

Dastlabki surishtiruv davomida bola samolyot ichiga qiziqish tufayli, xavf-xatarni anglamagan holda kirganini aytgan. O‘smir Dehlidan boshqa samolyotda Afg‘onistonga qaytarilgan.

Samolyot shassisi bo‘shlig‘ida omon qolish holatlari juda kam uchraydi: chiptasiz yo‘lovchilarning aksariyati gipoksiya, gipotermiya yoki shassi mexanizmlaridan olingan jarohatlar tufayli halok bo‘ladi.

Aviatsiya eksperti Moxan Ranganathan so‘zlariga ko‘ra, o‘smir «ehtimol, zich yopiq joyga kirib olgan, u germetizatsiya qilingan va unda yo‘lovchilar salonidagi haroratga yaqin harorat saqlangan bo‘lishi mumkin».

Ranganathan bunday sharoitlarsiz taxminan 10 km balandlikda omon qolish mumkin emasligini tushuntirdi.

Bunday balandlikda kislorodning past darajasi tezda hushdan ketish va o‘limga, -40°C dan -60°C gacha bo‘lgan harorat bir daqiqadan kamroq vaqt ichida sovuq qotishga, keyin esa gipotermiyaga olib keladi.

1947 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda AQSh Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilgan samolyot shassisidagi 128 ta chiptasiz sayohat holatlarining 75 foizdan ortig‘i og‘ir sharoit tufayli o‘lim bilan yakunlangan.

Mavzuga oid