O‘zbekiston | 08:47 / 29.09.2025
33857
2 daqiqa o‘qiladi

Ismoil Jo‘rabekov vafot etdi

U 1990-yillarda va 2000-yillar boshida agrar sohada yuqori lavozimlarda ishlagan, xususan, qishloq xo‘jaligi vaziri va prezident maslahatchisi bo‘lgan.

Foto: Xalq so‘zi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, suv xo‘jaligi sohasining mutaxassisi Ismoil Jo‘rabekov 28 sentabr kuni 94 yoshda vafot etdi. Bu haqdagi ma’lumotni Kun.uz’ning hukumatdagi manbalari tasdiqladi.

 

Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U uzoq yillar davomida respublika melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari kabi lavozimlarda ishlagan.

Mustaqillikning ilk yillarida agrosanoat sohasini boshqargan, fuqaro muhofazasi ishlari bo‘yicha vazir bo‘lgan, 1994–1998 yillarda bosh vazir o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan, 2000–2004 yillarda esa O‘zbekiston prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Faoliyatidagi uzoq yillik tanaffusdan keyin 2021 yilda suv xo‘jaligi vaziri maslahatchisi sifatida davlat ishiga qaytgandi.

U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» va «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvonlari hamda «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid