Jahon | 10:43 / 15.10.2025
10411
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Rossiya iqtisodiyoti «to‘satdan qulashi» mumkin

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni davom ettirayotgan Vladimir Putindan «hafsalasi pir bo‘lganini» aytdi. Amerika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti «to‘satdan qulashi» mumkin.

Foto: Andrew Caballero-Reynolds/AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp 14 oktyabr, seshanba kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya prezidenti Vladimir Putindan Ukrainada davom etayotgan urush tufayli hafsalasi pir bo‘lganini yana bir bor ta’kidladi va mamlakatda «benzin uchun katta navbatlar» yuzaga kelganini ma’lum qildi. Matbuot anjumani aks etgan videoyozuv prezident ma’muriyatining YouTubeʼdagi kanalida e’lon qilindi.

«Men hafsalam pir bo‘ldi, chunki Vladimir bilan munosabatlarimiz juda yaxshi edi va hozir ham shunday bo‘lsa kerak. U bu urushni hal qilishi kerak. Bilasizmi, hozir Rossiyada odamlar benzin uchun uzun navbatlarda turibdi. Va to‘satdan uning iqtisodiyoti qulashi mumkin», — dedi Tramp.

AQSh prezidenti rossiyalik hamkasbi unga «juda salbiy ta’sir ko‘rsatgan» urushni nima uchun davom ettirayotganini «bilmasligini» ta’kidladi: «U to‘rt yillik urushni bir hafta ichida yakunlashi kerak edi. U 1,5 million askarini yo‘qotdi». Trampning fikricha, mojaroning davom etishi Putinni «juda yomon ko‘rinishda» ko‘rsatyapti. «U buni tugatishi mumkin edi. U buni tezda tugatishi mumkin edi», deb qo‘shimcha qildi Amerika rahbari.

AQSh prezidenti 17 oktyabr kuni Vashingtonga keladigan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan bo‘lajak uchrashuvini ham eslatib o‘tdi. «Juma kuni prezident keladi. Va men u nima deyishini bilaman. U qurolga ega bo‘lishni xohlaydi. U Tomahawk'ga ega bo‘lishni xohlaydi. Bizda Tomahawk ko‘p. Sizga Argentinada Tomahawk'lar kerak emasmi?» - deya Tramp matbuot anjumanida ishtirok etgan Argentina prezidenti Xaver Mileyga yuzlanib, hazil qildi.

Mavzuga oid