Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kongressmenlar Trampni Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida sammit o‘tkazishga chaqirdi
AQSh Kongressi a’zolari prezidentga «Markaziy Osiyo - AQSh» (C5+1) formatidagi sammitni o‘tkazish bo‘yicha tavsiya maktubi yo‘ladi. Unda forum Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash va mintaqadagi AQSh strategik manfaatlarini ilgari surish uchun noyob imkoniyat ekani ta’kidlangan.
Foto: Getty images
AQSh Kongressi a’zolari Sidni Kamlager-Dav va Bill Hyuizenga prezident Donald Trampga diplomatik forum tashkil etilganining 10 yilligi munosabati bilan Vashingtonda C5+1 yetakchilari sammitini o‘tkazishga chaqiruvchi maktub yo‘lladi. Bu haqda kongressvumen Kamlager-Dav rasmiy sayti xabar berdi.
2015 yilda tashkil etilgan C5+1 forumi Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyo beshta davlati - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish uchun ko‘p tomonlama platformadir.
Maktubda kongressmenlar forum yubileyi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash va mintaqadagi AQSh strategik manfaatlarini - xavfsizlik, iqtisodiyot, «yumshoq kuch» va boshqaruv sohalarida ilgari surish uchun noyob imkoniyat ekanini ta’kidlagan.
«Prezidentning C5+1 sammitidagi shaxsiy ishtiroki forumning 10 yilligini muhim diplomatik lahzaga aylantirishi va AQSh-Markaziy Osiyo munosabatlarining keyingi o‘n yillikdagi yo‘nalishini belgilab berishi mumkin», deyiladi kongressmenlar maktubida.
Shuningdek, qonun chiqaruvchilar ma’muriyatni sammitning aniq natijalari va Markaziy Osiyo bilan uzoq yillik hamkorlik yo‘nalishlarini mustahkamlaydigan kelishuvlarni tayyorlashga chaqirdi.
«Markaziy Osiyo - AQSh» (C5+1) formati AQSh va Markaziy Osiyoning beshta davlati o‘rtasidagi muloqot va birgalikdagi sa’y-harakatlar uchun platformadir. U 2015 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvidan so‘ng tashkil etilgan va 2023 yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlar uchrashuviga qadar tashqi ishlar vazirlari darajasida o‘tkazilgan.
Ushbu tashabbus doirasidagi muhokamalarning asosiy yo‘nalishlari xavfsizlik, iqtisodiyot va ekologiya hisoblanadi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh TIV rahbarlarining 5+1 shaklidagi so‘nggi uchrashuvi 28 fevral kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan edi. Shunda tomonlar mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ham, AQSh bilan ham savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.