Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rubio Trampni sanksiyalar zarurligiga va Putinning yon bermasligiga ishontirdi – OAV
U Moskva o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan degan xulosaga kelgani ta’kidlanmoqda.
Foto: AP
Oq uyning Rossiyaga nisbatan taktikasining keskin o‘zgarishiga davlat kotibi Marko Rubio sabab bo‘ldi, deb yozdi Bloomberg.
Rubio Moskva o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan degan xulosaga keldi, u Rossiyaga nisbatan qat’iy choralarning uzoq yillik tarafdori hisoblanadi.
Bu haqda agentlikka vaziyatdan xabardor bo‘lgan AQSh va Yevropa rasmiylari ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Rubio Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qildi va Kreml o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni yana cho‘zishga urinayotganini angladi. Shundan keyin u bilan yuzma-yuz uchrashishdan voz kechdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp, o‘z navbatida, shu hafta Budapeshtda Vladimir Putin bilan yaqin haftalarga rejalashtirilgan sammitni bekor qildi va ikkinchi prezidentlik muddatida Rossiyaga qarshi birinchi sanksiyalarni joriy qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday choralarning «vaqti keldi».
Tramp Oval kabinetda jurnalistlarga shunday dedi: «Har safar Vladimir bilan suhbatlashganimda, biz yaxshi muloqot qilamiz, lekin ular shunchaki hech narsaga olib kelmaydi».
Xabar qilinishicha, Rossiya AQShga Ukraina uchun tinchlik shartlari rejasini yuborgan, u Moskvaning barcha ma’lum pozitsiyalarini takrorlagan, jumladan, Rossiya Qurolli kuchlari hozir bosib olganidan ko‘ra ko‘proq hududlarni berish talablarini ham o‘z ichiga olgan.
Rossiya rasmiylari o‘tgan hafta Putin va Trampning qo‘ng‘irog‘idan so‘ng, Amerika prezidenti Ukrainaning boshqa hududlarida Moskvaning o‘ta kamtarona hududiy yon berishi evaziga Rossiyaning Donbass hududining qolgan qismini topshirish talabiga rozi bo‘ldi, deb o‘ylagan edi. Biroq, Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan bir kun o‘tib, Tramp hozirgi front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatishni istayotganini takrorladi, buni Moskva Alyaskadagi sammit oldidan rad etgan edi.
Qayd etilishicha, Rubio Moskva bilan keyingi muloqotlar, jumladan, bo‘lajak uchrashuvlar uchun imkoniyat qoldirgan. Jurnalistlar oldida chiqish qilar ekan, u AQSh «agar tinchlikka erishish imkoniyati bo‘lsa, doimo hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lishini» aytdi. «Prezident so‘nggi bir necha oy ichida agar biz tinchlik kelishuviga erishmasak, qachondir nimadir qilishga majbur bo‘lishini bir necha bor aytgan. Bugun u shunday qildi», dedi Rubio.
22 oktabr kuni Tramp ma’muriyati Rossiyaning eng yirik neft kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritib, davlatning «Rosneft» va «Lukoyl» kompaniyalarini qora ro‘yxatga kiritdi.