Jahon | 21:17 / 12.11.2025
7981
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina TIV Rossiya bilan tinchlik muzokaralari to‘xtatilganini e’lon qildi

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi tinchlik muzokaralari joriy yilda sezilarli taraqqiyotsiz yakunlandi, deb hisoblamoqda.

Foto: Getty images

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari joriy yilda sezilarli taraqqiyotsiz yakunlandi, shuning uchun ularni to‘xtatishga qaror qilindi, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa 11 noyabr kuni Times gazetasiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev 2025 yil yozidan beri Ukrainaning xalqaro hamkorlaridan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga prezident Volodimir Zelenskiy bilan shaxsan uchrashishga rozi bo‘lishi uchun bosimni kuchaytirishga erishish maqsadida faol ish olib bormoqda.

«Diktatura sharoitida diktatorning muzokara guruhlari bilan samarali munozara olib borib bo‘lmaydi. Ularda juda qattiq mandat bor va ular o‘ziga buyurilgan pozitsiyani himoya qilishi kerak», dedi Kislitsa Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining Istanbuldagi muzokaralar jarayonini nazarda tutib.

Turkiyadagi muzokaralar uch bosqichda - may, iyun va iyul oylarida bo‘lib o‘tdi. Ukraina tomonining asosiy pozitsiyalaridan biri o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatish va fuqarolik infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatish edi. Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchiligidagi delegatsiya sulhdan de-fakto bosh tortdi. Moskva, shuningdek, Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan hududlarini tan olishni va Ukraina Qurolli kuchlari sonini cheklashni talab qildi.

Kislitsaning intervyusidan so‘ng Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Kreml Turkiyada Ukraina bilan muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini aytib, tinchlik jarayoni Kiyev tomonidan to‘xtatilganini ta’kidladi.

«Turkiya vakillari ularni (muzokaralarni) qayta boshlashga bir necha bor chaqirgan. Rossiya jamoasi bunga tayyor, to‘p Ukraina tomonida», deb ma’lum qildi Rossiya TIV MDH mamlakatlari ikkinchi departamenti rahbari Aleksey Polishuk.

Uning ta’kidlashicha, Istanbulda Ukraina tomoni bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida «keng ko‘lamli harbiy asirlar almashinuvi, halok bo‘lganlarning jasadlarini qaytarish, tinch aholini qaytarish bo‘yicha gumanitar sohada muhim kelishuvlarga erishilgan».

Mavzuga oid