O‘zbekiston | 12:43 / 21.11.2025
9069
2 daqiqa o‘qiladi

Kafe va restoranlarda qo‘shimcha undirilayotgan 15-20 foiz majburiy xizmat haqi qonunga xilof – Raqobat qo‘mitasi

Raqobat qo‘mitasi taomlar narxidan tashqari ofitsiant xizmati uchun majburiy ravishda haq undiruvchi restoran va kafelarni ogohlantirdi. Qo‘mitaning qayd etishicha, umumiy ovqatlanish joylarida mijozga o‘z-o‘ziga xizmat qilish tanlovi ham bo‘lishi kerak.

Raqobat qo‘mitasiga umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarda ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15 foiz, ba’zan esa 20 foizgacha xizmat haqi qo‘shimcha to‘lov sifatida undirilayotgani hamda avvaldan depozit mablag‘lar talab qilinayotgani haqida fikrlar bildirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4, 19 va 21-moddalariga asosan:

  • iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, ularni erkin tanlash hamda sifatli bo‘lishini talab qilishga haqli;
  • ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart;
  • sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga yo‘l qo‘ymasliklari, ya’ni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib iste’molchilarning o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat ko‘rsatish tartibi va ular bilan bog‘liq shartlar, shu jumladan ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqidagi ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida to‘liq tanishtirib o‘tishlari lozimligi borasida ogohlantirdi.

Mavzuga oid