24 noyabr kuni Isroil kuchlari G‘azoda — o‘z nazorati ostidagi hududlarni belgilab turuvchi chiziq yaqinida uch nafar falastinlikni o‘ldirdi. Bu haqda Falastindagi tibbiyot xodimlariga tayanib, Reuters nashri ma’lum qildi.
Xususan, dushanba kungi hodisada Isroil droni Xon Yunusning sharqida bir guruh odamlarga raketa o‘q uzib, ikki kishini o‘ldirgan va yana birini yaralagan. G‘azo shahrining sharqiy tomonida esa tank snaryadi bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.
Isroil harbiylari esa «bu shaxslar «sariq chiziq»dagi chegarani kesib o‘tayotgani, askarlariga yaqinlashayotgani uchun darhol xavf tug‘diradi deb topilgani hamda o‘q uzilgani»ni bildirdi.
Dushanba kuni, shuningdek Falastindagi boshqa qurolli guruh G‘azo sektorida Isroil armiyasi nazoratidagi hududda bir garovdagining jasadi topilganini ma’lum qildi. Jasad qachon topshirilishi hozircha ma’lum emas. Bu — G‘azoda qolayotgan uch jasaddan biridir.
Mo‘rt sulhga amal qilish qiyinlashmoqda
AQSh vositachiligida HAMAS va Isroil 10 oktabr kuni ikki yillik vayronkor urushni to‘xtatgan sulh bitimini imzolagan edi. Biroq bu kelishuv eng murakkab masalalarni keyingi muzokaralarga qoldirgan. Hozirda mojaro hal qilinmasdan muzlatib qo‘yilgan, deyish mumkin.
Sulhga ko‘ra, HAMAS G‘azoda qolgan tirik 20 nafar garovdagining barchasini qaytargan. Isroil esa qamoqxonalari va harbiy hibsxonalarida saqlanayotgan qariyb 2 000 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Kelishuv, shuningdek, 28 nafar garovdagining jasadini 360 nafar Hamas a’zolari jasadiga almashishni nazarda tutgandi.

Bitim imzolangandan beri tomonlar bir-birini kelishuvni buzishda va turli hujumlarda ayblab kelmoqda. Ayniqsa, Isroil tomoni bir necha marotaba G‘azoga ochiq-oydin hujumlar uyushtirdi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, sulh 10 oktyabrda kuchga kirganidan buyon Isroil hujumlari natijasida kamida 342 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Isroil esa shu davr ichida uch nafar askari halok bo‘lganini aytmoqda.










