Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning 2026 yil uchun davlat budjeti loyihasi e’lon qilindi. Asosiy ma’lumotlar
2026 yilda yalpi ichki mahsulot 1 kvadrillion 976 trillion so‘mdan oshishi kutilyapti. Budjet taqchilligining chegarasi – 59,9 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 3 foiz. Tashqi qarz olishning cheklangan miqdori – 5 mlrd dollar. Inflatsiyani keyingi yilda 7 foizgacha, 2027 yilda 5-6 foizgacha, 2028 yilda 5 foizgacha tushirish rejalashtirilgan. Asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi.
Foto: Alamy
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yilgi davlat budjeti va 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini e’lon qildi. Xo‘sh, keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida nimalar kutilyapti?
Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar
2026 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,3 trln so‘mni, xarajatlari esa 566,9 trln so‘mni tashkil etishi kutilyapti. Bunda budjet daromadlari 368,9 trln so‘m, xarajatlari esa 328,8 trln so‘m (budjetlararo transfertlarni hisobga olmagan holda) miqdorida bo‘lishi prognoz qilingan. Taqchillik chegarasi – 59,9 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 3 foiz. Defitsitni tashqi va ichki qarz, davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplash rejalashtirilgan.
Konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi 2027 va 2028 yillarda ham YaIMga nisbatan 3 foizni tashkil qilishi ko‘zda tutilyapti.
2026 yilda yalpi ichki mahsulot 1 kvadrillion 976 trillion so‘mdan oshishi kutilyapti. YaIM o‘sishi 2026 yilda 6,6 foiz, 2027 yilda 6,8 foiz, 2028 yilda 6,9 foiz bo‘lishi prognoz qilingan.
Inflatsiyani keyingi yilda 7 foizgacha, 2027 yilda 5-6 foizgacha, 2028 yilda 5 foizgacha tushirish rejalashtirilgan.
Tashqi qarz
Joriy yilda tashqi qarz olish chegarasi 5,5 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 5 mlrd dollargacha qisqartiriladi. Ushbu mablag‘ning 2,5 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 mlrd dollari esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Keyingi yilda O‘zbekiston nomidan 30 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi ham ko‘zda tutilyapti. Davlat qarzini so‘ndirish uchun esa 49,2 trln so‘m sarflanadi. Yangi DXSh loyihalarining cheklangan miqdori – 6,5 mlrd dollar.
Energetika sektorini subsidiyalash davom etadi
2026 yilda davlat budjeti hisobidan ajratilishi belgilangan subsidiyalarning umumiy qiymati 28,3 trln so‘mni (2025 yilda 30,4 trln so‘mni) tashkil etadi. Bu – budjet xarajatlarining 7 foizi degani.
Ayrim sohalarga davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya miqdori quyidagicha:
- gaz sotib olish va sotishdagi tafovutni qoplash uchun 5,9 trln so‘m (7 trln so‘m);
- nodavlat bog‘chalarga 4,6 trln so‘m (2025 yilda 3,8 trln so‘m);
- issiqlik ta’minotida tariflarni past narxlarda ushlab turish uchun 3,8 trln so‘m (4,8 trln so‘m);
- aholi uy-joy sotib olishi uchun 2,7 trln so‘m (2,5 trln so‘m);
- qishloq xo‘jaligi uchun 2 trln so‘m (4,5 trln so‘m);
- avtobuslarga brutto-shartnoma uchun 1,9 trln co‘m (o‘tgan yili 1,6 trln so‘m);
- geologiya-qidiruv uchun 750 mlrd so‘m (820 mlrd so‘m);
- energiya samaradorligini rag‘batlantirish uchun 700 mlrd so‘m (100 mlrd so‘m);
- temiryo‘l uchun 700 mlrd so‘m (721 mlrd so‘m);
Ham gaz uchun, ham elektr energiyasi uchun narxlar oshirilib borilayotganiga qaramay, keyingi yildan ham energetika sektorini subsidiyalash davom etadi. Xususan, umumiy subsidiyalarning yarmi aynan energetika va transport sohasiga yo‘naltiriladi.
Soliq siyosati
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ham taqdim qildi. Unga ko‘ra asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi.
- foyda solig‘i — 15 foiz;
- qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) — 12 foiz;
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i — 12 foiz;
- ijtimoiy soliq — 12 foiz (budjet tashkilotlari uchun — 25 foiz);
- aylanmadan olinadigan soliq — 4 foiz;
- yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i — 1,5 foiz.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i stavkasi yerning me’yoriy qiymatining 0,95 foizi miqdorida saqlanib qolinadi.
Tarkibida shakar miqdori mavjud ichimliklar uchun 100 mlga progressiv shkala quyidagicha joriy etiladi:
- 5 grammgacha — litri uchun 500 so‘m (amaldagi stavka);
- 5 grammdan 10 grammgacha — litri uchun 515 so‘m;
- 10 grammdan ortiq — litri 535 so‘m.
Tarkibida shakardan boshqa shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklar uchun tarif har litr uchun 500 so‘m bo‘ladi. Energetik ichimliklarning litri uchun 2150 so‘m (hozirda 2000 so‘m) miqdorida soliq undiriladi.
Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish korxonalari va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tayyorlanib, iste’molchilarga sotiladigan ichimliklar aksiz solig‘iga tortilmasligi bo‘yicha aniqlashtiruvchi me’yorlar kiritiladi. Agar iste’mol o‘ramida tovarlarning shakar miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan bo‘lsa, eng yuqori soliq stavkasi qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.
2026 yil 1 apreldan neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni yakuniy iste’molchilarga sotish uchun aksiz solig‘i stavkasini 7 foizga oshirish, polietilen granulalar (10 foiz) va tabiiy gaz (12 foiz) uchun amaldagi stavkalarni saqlab qolish taklif qilinyapti.
2026 yil 1 yanvardan boshlab yer, mulk, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari, shuningdek, yer qa’ridan foydalanganlik uchun stavkalar hamda mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun soliq solish maqsadida qo‘llanadigan eng kam ijara to‘lovlari stavkalarini 7 foizga oshirish kutilyapti.
Mavzuga oid
00:21 / 30.11.2025
Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar uchun rag‘batlar e’lon qilindi
22:53 / 29.11.2025
Fuqarolar bevosita to‘lagan soliqlar qaysi sohalarga sarflangani ochiqlanadi
21:10 / 29.11.2025
Aholidan soliq qarzini undirishda elektr energiyasining billing tizimidan foydalaniladi
13:08 / 26.11.2025