O‘zbekiston | 11:41 / 28.11.2025
1006
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va BAA strategik sheriklikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston–BAA strategik sherikligini yanada chuqurlashtirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda davlat boshqaruvi va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuv avvalida Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy davlat rahbariga BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, shuningdek, mamlakat vitse-prezidenti, bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralarda so‘nggi yillarda shakllanib borayotgan O‘zbekiston–BAA do‘stona munosabatlari va strategik sheriklik rivoji yuqori baholandi. Joriy yil yanvar oyida amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasidagi kelishuvlarni izchil amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar keyingi yillarda BAA hukumati bilan 40 dan ortiq yo‘nalishda 300 dan ziyod tashabbus, jumladan, “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi”, “Yosh yetakchilar” kabi muhim dasturlar samarali tarzda amalga oshirilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi besh yillik dasturni amalga oshirish, byurokratiyani kamaytirish, shuningdek, sun’iy intellekt sohasida 5 million nafar prompt-muhandisni o‘qitishda BAA tajribasini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda, shuningdek, “Yosh avlod” va “Kitob chellenji” loyihalarini amalga oshirish, ikki davlat o‘rtasidagi inson kapitali va ma’naviy-ma’rifiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Tomonlar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va strategik sheriklikni yangi amaliy loyihalar bilan boyitishga kelishib oldi.

Mavzuga oid