Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash: turmush o‘rtoq tanlashda nimaga e’tibor berish kerak?
O‘zbekistonda 2024 yilda har to‘rtinchi nikoh ajrim bilan yakunlangan. Ajrashgan oilalarning 54 foizida asosiy sabab - “xarakter mos kelmasligi”. Bu esa bir narsani ko‘rsatadi: turmush qurishda to‘g‘ri tanlovni bilish kerak.
2024 yilda O‘zbekistonda 271 776 ta nikoh qayd etilgan. 45 135 ta oila esa ajrashgan. Eng e’tiborli jihati — ajrimlarning 54 foizi “xarakter mos kelmagani” sababli sodir bo‘lgan.
Demak oila qurish faqat to‘y va sevgi emas — bu ikki insonning fe’l-atvori, dunyoqarashi va hayotga yondashuvi qay darajada uyg‘un ekani bilan bevosita bog‘liq. Ammo ko‘p o‘zbek oilalarida tanlov ko‘pincha “kattalarga havola” qilib qo‘yiladi. Natijada qiz yoki yigitning haqiqiy xohishi, ehtiyoji e’tibordan chetda qoladi.
Shunday ekan, oilalarni mustahkamlash va ajrimlarni kamaytirish uchun turmush o‘rtoq tanlashga yondashuvni to‘g‘ri tashkil etish muhim vazifa.
Turmush o‘rtoq tanlash: qizlarga o‘rgatilishi kerak bo‘lgan 6 asosiy mezon
1. Xulq va xarakter birinchi o‘rinda turishi kerak. Yaxshi, insofli, mas’uliyatli va sizni hurmat qiladigan yigit — oila poydevori. Aksincha, doim jahl bilan gapiradigan, nazoratchi, haqorat qilishga moyil erkak bilan tinch hayot kechirish qiyin.
2. Har qanday vaziyatda ham u sizning yoningizda tura oladimi? Chunki oilada doim ham yaxshi vaziyat bo‘lavermaydi, ba’zida er-xotin qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lishadi. Qiz shunday yigitni tanlashi kerakki, u qiyin paytda qochib ketmasin, muammoni birga hal qilsin, “sening muammong — mening muammom” deb yonida tursin.
3. Yigitdagi emotsional barqarorlik juda muhim. Agar u haftada bir-ikki kun izsiz g‘oyib bo‘lib tursa, xafa bo‘lganda jim “yo‘qolib” qolsa, sizdan “o‘ch olish”ni odat qilgan bo‘lsa — bu xavfli signal. Bunday munosabat qizni ruhan sindiradi.
4. Dunyoqarashlar mos kelishi kerak, chunki oilada tinchlik — ikki kishi bir-birini tinglashi va tushunishi bilan boshlanadi. Faqat tashqi ko‘rinish, boylik yoki romantika asosida tanlov qilish katta xato. O‘zingizga savol bering: “Biz hayotdan bir xil narsani istaymizmi?” Agar javob “ha” bo‘lsa omadli nikohdan darak.
5. Yigitning ayolga va oilaga bo‘lgan munosabatini o‘rganing. Yigit onasiga, opa-singlisiga, qarindosh ayollarga qanday munosabatda? Shu munosabat ertaga xotiniga bo‘ladigan munosabatning oynasi.
6. Kuyovning moliyaviy imkoniyatlari, albatta, hamma uchun muhim. Ammo siz uning boy-kambag‘al ekanini emas, qanchalik mas’uliyatli ekanini tekshiring. Asosiy savol — u ishlaydimi, rivojlanishga harakat qiladimi, mas’uliyatni his qiladimi? Boylik emas, barqarorlik oilada katta o‘rin tutadi. Boylik bo‘lish shart emas. Lekin ishga, xarajatga va mas’uliyatga jiddiy yondashishi — muhim mezon.
Qizlarga “er tanlash”ni emas, “o‘z qadrini bilish”ni o‘rgatish kerak
Agar ayol o‘z qadrini bilsa, o‘zini yerga urmaydi. O‘z qimmatiga mos tanlov qiladi, nomzoddagi salbiy belgilarni ko‘rmaslikka olmaydi, o‘zining yaxshilikka loyiq ekanini bilib, shoshmasdan qaror qabul qiladi.
Turmush qurishda muhabbat kerak, lekin faqat shuning o‘zigina yetarli emas. Munosabat, hurmat, mas’uliyat — muhabbatning umrini boqiy qiladi. Nomzodning oilasi haqidagi surishtiruvlar, albatta, bo‘lishi kerak, chunki u oiladagi munosabatlar va muhit ta’sirida tarbiyalangan, o‘zi qurayotgan oilani ham shunday boshqarish ehtimoli bor.
Ba’zida “To‘ydan keyin o‘zgaradi” deyishadi. Bu bo‘lmagan gap, hozir uni qanday ko‘rayotgan bo‘lsangiz – shuning o‘zi. To‘y inson xarakterini o‘zgartirmaydi.
Qizlar uchun tanlov mezonlari (mini-test)
Har bir bandni 1 dan 5 gacha baholash tavsiya etiladi.
1️. Uning yaqinida o‘zimni xavfsiz va hurmatli his qilaman.
2️. Muammo chiqqan paytda u mulohaza bilan yondashadi.
3️. Bizda suhbat, qarashlar va maqsadlarda uyg‘unlik bor.
4️. “Keyin o‘zgarar” degan umidim yo‘q.
5️. U oilasiga, yaqinlariga hurmat bilan munosabatda.
6️. U ish, moddiy jihat va mas’uliyatni jiddiy qabul qiladi.
7️. U meni do‘stim kabi qo‘llab-quvvatlaydi.
Natija:
- 30 ball va yuqori — barqaror munosabat, oila qurishni reja qilish mumkin.
- 20–29 ball — hali yana kuzatuv kerak, ayrim nuqtalarni muhokama qilish zarur.
- 20 dan kam — bu munosabatda jiddiy xavfli belgilar bor, shoshilmaslik kerak.
Mavzuga oid
23:15 / 10.12.2025
216 yosh – amerikalik keksa er-xotin Ginnesning aql bovar qilmas rekordini o‘rnatdi
11:46 / 16.10.2025
Yil boshidan beri 155 nafar qiz voyaga yetmasdan turmushga berilgan
14:47 / 17.08.2025
Orzu ortidagi dard: Koreyaga kelin bo‘lgan o‘zbek qizlari qismati
07:28 / 14.05.2024