Jamiyat | 12:44
1342
1 daqiqa o‘qiladi

Interpol qidiruvida bo‘lgan shaxs Misrda ushlanib, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi

Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi sa’y-harakati hamda Qohiradagi milliy markaziy byuro ko‘magida og‘ir turdagi jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan va Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Misr hududida qo‘lga olindi va xalqaro shartnomalarga muvofiq O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.

Foto: IIV

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Interpolning Toshkent va Qohiradagi Milliy markaziy byurolari xodimlari o‘zaro hamkorlikda olib borgan izlanishlar va tezkor chora-tadbirlar natijasida qidiruvdagi shaxsning Misr hududida yashirinib yurgani aniqlangan. Shu asosda u qo‘lga olingan va belgilangan protsessual tartibda O‘zbekistonga qaytarilgan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xorijiy davlatlar bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi keng qamrovli hamkorligi o‘zining amaliy va ijobiy natijalarini bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan shaxs sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida javob beradi.

Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi o‘z faoliyati doirasida xalqaro qidiruvdagi shaxslarni aniqlash, qo‘lga olish va ularni javobgarlikka tortish ishlarini xorijiy hamkor tuzilmalar bilan hamkorlikda davom ettirmoqda.

Mavzuga oid