Sport | 11:28
11504
4 daqiqa o‘qiladi

JCh-2026 qur’asi: Ermatov, Masharipov va Martines qanday fikrda?

Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning ilk mundialdagi birinchi raqiblari Kolumbiya va Portugaliya bo‘ladi. Qit’alararo saralashdan o‘tib, guruhimizdan joy egallashga Kongo DR, Yamayka va Yangi Kaledoniya da’vogarlik qilyapti. Xo‘sh, guruhimiz haqida dastlabki munosabatlar qanday?

Foto: REUTERS

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, JChga chiqqandan keyin u yerda raqib tanlash ma’nosiz, chunki u yerda kuchsiz jamoa bo‘lmaydi.

Bu – jahon chempionati, bu yerda qur’ada kim tushishiga qarab shikoyat qilib bo‘lmaydi. Portugaliya ham, Kolumbiya ham juda jiddiy raqiblar. Futbolchilarimiz uchun bu bellashuvlar katta hayajon va qimmatli tajriba bo‘ladi”, – dedi Kannavaro.

Italiyalik mutaxassisning aytishicha, uning shogirdlari har bir o‘yinda bor kuch bilan maydonga tushadi. “Mundialda bo‘layotganimizdan juda mamnunmiz. Endi eng muhimi – tayyorgarlikni to‘g‘ri olib borish va oxirigacha kurashish”, – deydi u.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov qur’a hayajonli bo‘lganini aytdi.

Albatta, JCh – bu biz uchun birinchi tajriba. Ishonamizki, jamoamiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, xalqimizni xursand qilib, chiroyli o‘yinlari bilan keyingi bosqichlarga chiqish vazifasini uddalaymiz. JChda o‘yinlar bir-biridan qiziq bo‘ladi, oson o‘yin bo‘lmaydi, shunga yarasha puxta tayyorgarlik ko‘ramiz. Eng muhimi, muxlislarimiz bilan mana shu JChdan zavqlanib... Bu – butun umrga esda qoladigan O‘zbekistonning birinchi jahon chempionati bo‘ladi”, – dedi u.

Milliy jamoa sardori Jaloliddin Masharipov qur’adan oldin Portugaliya tushishini taxmin qilganini aytdi.

Qur’adan avval Portugaliya tushsa kerak, deb o‘ylagandim. Muxlislar ham Ronaldu yo Messining jamoasi duch kelishini xohlashayotgandi. Portugaliya bilan tushganimiz yaxshi bo‘ldi. Bunday tashqari, Kolumbiya ham yaxshi jamoa. Xudo xohlasa, zo‘r o‘yinlar o‘tkazamiz. Birinchi vazifamiz – guruhdan chiqish va umid qilamanki, buni uddalaymiz”, – dedi hujumchi

Guruh favoriti – Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines guruhdoshlaridan jiddiy raqobat kutayotganini aytdi.

Endi qur’a natijalariga qarab tayyorgarlikni boshlasak bo‘ladi. Guruhimizdan mamnunmiz, chunki birinchi o‘yinni 17 iyunda o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldik, bu – tayyorgarligimizga aniq yo‘nalish beradi. Avvaliga pley-offdan o‘tgan jamoaga qarshi o‘ynaymiz, shuning uchun raqibimizni hozircha bilmaymiz. Lekin Kolumbiya va O‘zbekistonga nisbatan hurmatimiz yuqori. Ular jahon chempionatiga puxta tayyorlangan va jiddiy raqobat taklif qiladigan jamoalar”, – deya Roberto Martinesning so‘zlarini keltirmoqda FIFA matbuot xizmati.

O‘zbekiston – JCh-2026 yilda qatnashadigan sobiq sovet makonidagi yagona davlat bo‘ladi. Rossiyalik sport sharhlovchisi Denis Kazanskiy qur’a natijalariga munosabat bildirarkan, Abbos Fayzullayev Krishtianu Ronalduga qarshi o‘ynashiga e’tibor qaratdi.

Intrigali guruh deyarli yo‘q. Hammasi bo‘linib ketgandek. Balki Marokash, Braziliya va Shotlandiyadan iborat guruhda nimadir yangilik bo‘lar. Angliya, Xorvatiya, Gana, Panama ham yomon emas.

O‘zbekiston uchun juda xursandman. Abbos Krishtianuga qarshi o‘ynaydi. O‘ylashimcha, ular sensatsiya qila olishadi”, – dedi Kazanskiy.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning JChdagi ilk o‘yini 17 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi, ikkinchi turda esa 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Bu ikkala o‘yin yo AQShning Texas shahrida, yoki Meksika poytaxtida o‘tadi. Uchinchi turda saralashdan o‘tgan raqib bilan to‘qnashamiz va bu uchrashuv AQShning yo Florida, yo Jorjiya shtatida o‘tadi. Qaysi o‘yin qayerda bo‘lishi keyinroq ma’lum bo‘ladi.

Mavzuga oid