Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qullikka o‘rganib qolgan odam
Sizning qullikka munosabatingiz qanday? Aytaylik, yashab turgan hayotingizdan sizni uzib olishdi va asirdek yashashga majbur qilishdi. U yerdan chiqib ketolmaysiz, ishlashga mahkumsiz, mehnat qilmasangiz, och qolasiz. Qanchalik dahshat-a, bu go‘yo inson hayotini o‘g‘irlash bilan barobar. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor... Bugun “5 daqiqa”ning 20-sonida siz bilan yapon adibi Kobo Abening “Qumdagi xotin” romani haqida gaplashamiz.
Asar qahramoni Niki Junpey maktab o‘qituvchisi, hasharotlar hayotini o‘rganishga qiziqadi. Bir kuni u hasharot izlab, dashtdagi qumli hududga yo‘l oladi. Bu unga ijtimoiy hayotdan vaqtincha qochish, erkin nafas olishdek tuyuladi. Ammo aynan shu sayohat uning butun hayotini o‘zgartirib yuboruvchi sarguzashtga aylanadi.
Junpey kechasi qumli qishloqda tunab qoladi. Mahalliy aholi uni chuqurlikdagi xonadonga tushiradi va shu yerda tunni o‘tkazishni taklif qilishadi. Erta tong uyg‘onganida o‘zini qum barxanlari o‘rtasidagi uyda ko‘radi, narvon olib qo‘yilgandi. Yigit qum to‘lqinlari ichida, o‘z ichki qonunlari bilan yashaydigan qishloq asiriga aylanadi. U bilan birga o‘sha chuqurlikdagi kulbada bir ayol – qumdagi xotin yashaydi. U har kuni kechasi qumni uyidan tozalaydi, chunki qum doim shamol bilan kirib keladi. Agar tozalanmasa, kulbani ham, qishloqni ham qum bosib qoladi.
U erkinlikni sevadi
Yigit qum tozalashga moslasholmaydi, chunki u erkin odam. Yapon qoidalarini tan olmaydi. Biroq qayoqda, o‘sha qishloqda sizning balandparvoz erkinligingiz haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.
O‘qituvchi avvaliga isyon qiladi. Qumdan qochishga urinadi. Qishloq aholisini ayblaydi, an’anaviy qonunlarini tushunishni ham istamaydi. Yigit alohida shaxs, u erkinlikni sevadi. Xavfli yerto‘lada noma’lum va chiroyli bo‘lmagan ayol bilan bir umr qolib ketishning o‘zi azob.
Qahramon har nafasida qochib ketish haqida o‘ylaydi. Biroq bu orada qumdagi xotinga yordam beradi, o‘zi ham barxanlarda ko‘milib ketmaslik uchun muttasil ishlaydi. Ular er-xotin bo‘lib yashay boshlashadi.
Qullik – ozodlik
Asta-sekin Junpeyning ichkarisida o‘zgarishlar boshlanadi. U xotinning sabr-bardoshi, hayot uchun kurashayotganini tushunib yetadi. Uyni qumdan xoli qilish – bu aslida yashash uchun kurashish ekanini fahmlaydi. U qum tozalash usulini takomillashtirishni, noqulay sharoitda ham suv yig‘ishning yangi yo‘llarini o‘ylab topadi. Bu esa uning ichki kuchi uyg‘onib, jamiyatga moslashishning majburiyat emas, ma’no topish ekanini anglashiga sabab bo‘ladi. Ayol bilan birga rejalar tuzishadi.
Shunday kun keladiki, asar qahramoni afsonaviy orzusiga erishadi – unga tepaga chiqish uchun narvon qoldiriladi. Biroq homilasini yo‘qotgan ayoli shifoxonaga olib ketilayotganida uning ko‘zlariga qaraydi va hammasini anglaydi. U shu yerto‘lada qolishi kerak, qumli qishloqning qoidalarini qabul qilishi lozim. Chunki bir necha yil avvalgi o‘qituvchilik hayoti, hasharotshunosligi ham unga baxt bermagandi. Xullas, u qum tashishda davom etadi. Demak, hammasiga vaqt kerak.
Xulosa
Xo‘sh, inson jamiyatning bir mexanizmi sifatida yashashi kerakmi? Yo‘q, yozuvchi Abe jamiyatga ko‘r-ko‘rona qo‘shilishni ham ma’qullamaydi. Inson jamiyatga mutlaq singib ketsa – o‘zini yo‘qotadi, mutlaq uzilsa ham ma’no yo‘qoladi. Abe shu ikki chegaradagi muvozanatni izlaydi.
Asardagi qum – doimiy harakat, tahdid, mehnat, degani. Bu yapon madaniyatiga o‘xshash, bir kishi ishlamasa – barchaga qiyin bo‘ladi. Bir kishi qoidani buzsa, tizimning hammasi izdan chiqadi. Qumdagi xotin va erkakning birgalikdagi kurashi jamiyat faqat qonun va an’ana emas, balki odamlar o‘rtasidagi hamjihatlikni ham ko‘rsatadi. Asarning fojiasi ham, umidi ham mana shu ikki qutb o‘rtasida yashaydi.
Isomiddin Po‘latov