Jahon | 10:12
640
4 daqiqa o‘qiladi

Mers Armanistonning YeI bilan yaqinlashishi uchun tarixiy imkoniyatni ko‘rmoqda

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tinch munosabatlar to‘g‘risida deklaratsiya imzolanishi Yerevan uchun "Yevropaga olib boruvchi yo‘l"ni ochdi, dedi Germaniya kansleri. U Armanistonni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Foto: primeminister.am

GFR kansleri Fridrix Mers Armaniston YeI bilan yaqinlashish yo‘lida Germaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini tasdiqladi. «Hozir Armaniston oldida Yevropaga intiluvchi yo‘l uchun katta, haqiqatan ham tarixiy imkoniyat mavjud», — dedi u seshanba, 9 dekabr kuni Berlinda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida DW muxbiri savoliga javob berib.

Germaniya hukumati rahbari bu borada avgust oyida Vashingtonda Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida imzolangan tinch munosabatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyaning ahamiyatini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv Yerevan uchun «Yevropaga olib boruvchi yo‘l»ni ochdi.

«Biz Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yanada yaqinroq munosabat o‘rnatish istagini mamnuniyat bilan qabul qildik», — dedi Mers. Shu bilan birga, Armaniston YeIga a’zo bo‘lish uchun «ko‘plab talablarni bajarish kerakligini» yaxshi anglayotganini qayd etdi. Unga ko‘ra, mamlakat YeIga qay tarzda yaqinlashish — «assosiatsiya to‘g‘risidagi kelishuv orqali yoki boshqacha usulda» harakatlanishini o‘zi hal qilishi lozim.

Kanslerning aytishicha, Germaniya «Armaniston bilan munosabatlarni mustahkamlashni» istaydi, bu esa Berlinda qabul qilingan qo‘shma deklaratsiyada aks etgan. Pashinyan ma’lum qilishicha, uning GFR poytaxtiga qilgan tashrifi doirasida ikki tomonlama sheriklikning strategik kun tartibi to‘g‘risida deklaratsiya imzolangan.

«Mening Germaniyaga rasmiy tashrifim tarixiy ahamiyatga ega, chunki bugun bizning munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi», — dedi u Mers bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar demokratik qadriyatlarga asoslangan, Yerevan Berlinning Armanistonda demokratik islohotlar va barqaror rivojlanishga ko‘rsatayotgan yordamini yuqori baholaydi va «YeIga olib boruvchi murakkab va uzoq yo‘lda uzoq muddatli siyosiy qo‘llab-quvvatlovni» kutadi.

2025 yil avgust oyida Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirokida Vashingtonda o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tinch munosabatlar to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Unda, jumladan, «o‘tmish mojarolariga bog‘liq bo‘lmagan yorug‘ kelajakka yo‘l ochish zarurati» e’tirof etilgan.

Bundan tashqari, hujjatda Armaniston hududida tranzit «Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp marshruti» (TRIPP)ni tashkil etishda AQSh va uchinchi davlatlar bilan hamkorlik ko‘zda tutilgan. Armaniston bu koridorni boshqarish huquqini 99 yil muddatga AQShga topshiradi.

Ikki davlat 30 yildan ortiq vaqt davomida Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaroda bo‘lib keldi. So‘nggi yillarda Ozarboyjon harbiy kuch yordamida ushbu hudud ustidan nazoratni tikladi, Qorabog‘ armanlari Armanistonga qochishga majbur bo‘ldi, Yerevan esa mintaqaga bo‘lgan da’volaridan voz kechdi. 2024 yil iyunida u yerni so‘nggi rossiyalik tinchlikparvarlar tark etdi. 2025 yil mart oyida esa Boku va Yerevan tinchlik shartnomasi imzolash to‘g‘risida qaror qabul qilganini e’lon qildi.

Mavzuga oid