O‘zbekiston | 13:51
900
2 daqiqa o‘qiladi

IIV va FIA O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini oshirish bo‘yicha hamkorlikka kelishdi

Joriy yilning 10 dekabr kuni Toshkent shahrida FIA Bosh assambleyasida ishtirok etish maqsadida mamlakatga tashrif buyurgan Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiya va O‘zbekiston mas’ul idoralari o‘rtasida yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va avtosportni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: IIV

Uchrashuv ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov, FIA'ning mobillik va turizm bo‘yicha vitse-prezidenti Tim Shirman, FIA barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha bosh kotibi Villem Gryonevald, shuningdek O‘zbekiston prezidentining sport bo‘yicha maxsus vakili Odil Abdurahmonov, sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati va qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida o‘tkazildi.

Tadbirda avtosportni rivojlantirish jamiyatda texnik savodxonlik, tezlikka mas’uliyatli munosabat va harakatda intizomni shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan aholi xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish, piyodalar muhofazasini kuchaytirish va harakat ishtirokchilari madaniyatini oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Tomonlar FIA bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtosportni rivojlantirish, FIA'ning yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha ilg‘or amaliyotlarini o‘quv markazlariga joriy etish, yoshlar o‘rtasida yo‘l qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, ta’lim muassasalarida yo‘l harakati xavfsizligini o‘qitish bo‘yicha zamonaviy yechimlardan foydalanish hamda xalqaro tajriba asosida yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish masalalarini keng muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar avtosportni rivojlantirish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek aholi o‘rtasida yo‘l qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirishga qaratilgan istiqbolli vazifalarni belgilab oldi.

Mavzuga oid