Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy Trampning tinchlik rejasini qayta yozishga harakat qilmoqda
U Ukraina qurolli kuchlari sonini cheklashga tayyor, lekin faqat hozirgi darajada. Shu kunlarda Ukraina AQShning tinchlik rejasiga o‘z javobini taqdim etgan. Bugun Zelenskiy Berlinda Trampning maxsus vakili bilan uchrashmoqda.
Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
The Wall Street Journal gazetasi 13 dekabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning AQSh tinchlik rejasiga javobini «ha, lekin…» so‘zlari bilan ifodalash mumkinligi haqida yozdi. Nashr Zelenskiy «o‘z xalqi ishonchini yo‘qotmagan holda Oq uy taklifiga konstruktiv yondashmoqchi» ekanini qayd etgan.
Xususan, Zelenskiy Ukrainada saylov o‘tkazishga tayyor, ammo buning uchun avval o‘t ochishni to‘xtatish kerak. Ukraina prezidenti fikricha, keng ko‘lamli urushning ilk kunlarida egallab olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasida Rossiyaning ma’lum bir ishtirokini saqlab qolinishiga rozi bo‘lish mumkin, ammo AES Ukraina va AQSh tomonidan nazorat qilinishi kerak. Zelenskiy Ukraina armiyasidagi harbiylar soniga cheklov o‘rnatilishiga rozi, ammo bu chegara hozirgi darajada bo‘lishi kerak.
Avvalroq Axios Ukraina AQShning tinchlik rejasiga o‘z javobini 10 dekabr kuni taqdim etganini xabar qilgandi. Kiyev o‘z javobini Yevropadagi ittifoqchilar bilan maslahatlashgan holda tayyorlagan. Javob izohlar va «bularning barchasini amalga oshirish uchun» taklif etilayotgan tuzatishlarni o‘z ichiga oladi, degan Ukraina rasmiysi Axios bilan suhbatda anonim tarzda.
AQShning dastlabki rejasi Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligini, 100 kun ichida mamlakatda prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini hamda Rossiya hali Donbassda egallab olmagan hududlarni tashlab chiqishni ko‘zda tutardi.
The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev o‘z javobida Ukraina ayni vaqtda mamlakatning sharqida Ukraina qurolli kuchlari nazoratida bo‘lib turgan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishi kerakligini bildirgan.
AQSh Donbassning Ukraina nazoratida qolayotgan qismini «erkin iqtisodiy zona» yoki «harbiylardan xoli hudud»ga aylantirishni taklif qilgan. AQSh rejasiga ko‘ra, Ukraina o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketadi, Rossiya harbiylari ham u yerga kira olmaydi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy bu taklifni butunlay rad etmagan va to‘liqroq ma’lumot berishni so‘ragan. U agar Ukraina u yerdan ketadigan bo‘lsa, Rossiya qurolli kuchlarining oldinga siljishiga nima to‘sqinlik qilishi haqida savol qo‘ygan – yoki hududni nazorat qilish uchun fuqarolik niqobi ostida kirishga Moskvaga nima to‘sqinlik qilishini.
Bundan tashqari, The New York Times nashrining yozishicha, Ukraina «NATOning ochiq eshiklar siyosati» tamoyili nomiga bo‘lsa ham saqlab qolinishini istamoqda. Shuningdek, Kiyev Rossiyaning kelajakdagi ehtimoliy tajovuzidan himoyalanish kafolatlarini qonuniy ravishda mustahkamlashni talab qilmoqda. Axios ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga NATOning beshinchi moddasiga asoslangan xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor. Kreml esa bu paytda Zelenskiy Ukrainani NATOga olib kira olmasligiga «million foizlik» kafolat bermoqda.
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev AQShning tinchlik rejasiga javobida Uraina 2027 yil 1 yanvarigacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha taklif kiritgan.
WSJ Zelenskiy Berlinda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuvda Vashingtonga o‘z pozitsiyasini shaxsan bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidlagan. Uchrashuv 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tmoqda. Unda Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya yetakchilari ham ishtirok etadi.
Mavzuga oid
20:30 / 14.12.2025
AQSh Kiyevning tinchlik rejasi bo‘yicha yangi takliflariga javob qaytarmadi – Zelenskiy
14:06 / 13.12.2025
Moskva Zelenskiyning Donbass bo‘yicha referendum o‘tkazish g‘oyasini rad etdi
13:16 / 13.12.2025
Zelenskiy Berlinda YeIdagi ittifoqchilar bilan muzokaralarni davom ettiradi
10:01 / 13.12.2025