Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
60 ming dollarlik grant: o‘zbekistonliklar Markaziy Osiyoning nufuzli universitetida bepul o‘qishi mumkin
Qozog‘istondagi Nazarbayev University O‘zbekiston fuqarolari uchun “Abay Qunanbayev” grant dasturini taklif qilmoqda. Grant bakalavriat, magistratura, doktorantura va Foundation tayyorlov dasturlarida ta’lim olishni to‘liq qoplaydi hamda grant asosida qabul qilingan talabalarga oylik stipendiya ham belgilangan.
Foto: Nazarbayev University
Qozog‘istondagi Nazarbayev University o‘zbek talabalari uchun “Abay Qunanbayev” nomli grant dasturini taklif qilmoqda. Ushbu grantlar bakalavriat, magistratura, doktorantura hamda Foundation tayyorlov dasturlarida tahsil olish uchun ajratiladi va ta’lim to‘lovini to‘liq qoplaydi. Grant doirasida IT, biznes, iqtisodiyot, tibbiyot, muhandislik, fizika, kimyo va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qish imkoniyati mavjud. Ariza topshirish uchun IELTS yoki SAT sertifikati talab etiladi (kamida 6.0 ball), chunki ta’lim jarayoni to‘liq ingliz tilida olib boriladi.
Grant asosida qabul qilingan talabalarga oyiga 80 dollardan 500 dollargacha stipendiya to‘lanadi.

Nazarbayev University xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Universitet Times Higher Education (THE) World University Rankings 2026 reytingida dunyodagi yetakchi tadqiqot universitetlarining top 23 foizi qatoriga kirgan. Ushbu natija uni Markaziy Osiyo va Kavkazdagi eng nufuzli universitet, MDH davlatlari orasida esa to‘rtinchi o‘rinda ekanini ko‘rsatadi.
Universitet bitiruvchilarining 98 foizi ish bilan ta’minlanadi. Ular IT, konsalting, muhandislik, energetika va tibbiyot sohalarida faoliyat yuritadi. Bitiruvchilar ishlayotgan kompaniyalar orasida Google, Meta, McKinsey & Co, KPMG va Shell kabi xalqaro korporatsiyalar bor.

Ilmiy faoliyatni tanlagan talabalar dunyoning nufuzli universitetlarida — Stanford, University of Pennsylvania, Columbia University va boshqa oliygohlarda magistratura hamda PhD dasturlarida o‘qishni davom ettirmoqda.
Hujjatlarni qabul qilish allaqachon boshlangan. Ariza topshirish muddatlari universitetning rasmiy sayti orqali e’lon qilingan.

Nazarbayev University O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim hisoblangan biznes, qurilish, IT va tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha ham ta’lim dasturlarini taklif qiladi. Shuningdek, ta’lim, muhandislik, kompyuter fanlari va sun’iy intellekt sohalarida keng qamrovli bakalavriat va magistratura dasturlari mavjud.

Universitetda 60 dan ortiq davlatdan kelgan o‘qituvchilar dars beradi. Hozirda bu yerda O‘zbekistondan 35 nafar talaba tahsil olmoqda. Ostona shahrining markazida joylashgan, 100 gektardan ortiq maydonni egallagan kampusda zamonaviy yotoqxonalar, sport inshootlari va ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi. Universitetda 100 dan ortiq talabalar klubi va jamoalari mavjud.

NU yetakchi jahon universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini ham amalga oshiradi. Jumladan, Hong Kong University of Science and Technology bilan hamkorlikda biznes-boshqaruv bakalavriati, SOAS (University of London) bilan global masalalar va Yevrosiyo tadqiqotlari bo‘yicha magistratura, shuningdek amaliy sun’iy intellekt va ma’lumotlar fanlari bo‘yicha magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Reklama huquqi asosida