Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muhandislik shedevrlari: dunyodagi eng uzun 10 ta tunnel
Tog‘lar ichida, daryolar tagida va yer ostida katta chuqurliklarda qazib o‘tkazilgan muhandislik mo‘jizalari - insoniyatning eng ulkan infratuzilmaviy loyihalaridan biri hisoblanadi. Bu inshootlar zamonaviy tunnelsozlik yutuqlarinigina emas, balki odamlarning tabiiy to‘siqlarni yengib o‘tadigan konstruksiyalar yaratish qobiliyatini ham namoyon etadi.
Foto: Wikipedia
Bugungi tunnel qurilishi tunnel qazish mashinalari va geologik tadqiqotlarning ilg‘or usullari kabi murakkab texnologiyalarga tayanadi. Quyidagi loyihalar turli qit’alarda joylashgan bo‘lib, xilma-xil maqsadlarga xizmat qiladi. Dunyoda mavjud bo‘lgan eng uzun o‘nta tunnel bilan tanishamiz.
1) Delaver suv tunneli (Nyu-York, AQSh) — 137 km
Delaver suv tunneli Nyu-York shahri suv ta’minotining taxminan 50 foizini ta’minlaydi: Katskilldagi suv omborlaridan Janubiy Uestchesterdagi Xill-Vyu (Hill-View) suv omboriga kuniga taxminan 4 milliard litr suv yetkazib beradi.
Bu ulkan inshoot qurilishi 1937 yilda boshlangan va 1953 yilda yakunlangan — jami 16 yil davom etgan. Birinchi bosqich xarajatlari 272 million dollar deb baholangan, ammo yakuniy sarflar ancha yuqori chiqqan.
Hozir tunnel Nyu-York suv ta’minotining 180 yillik tarixi davomidagi eng yirik rekonstruksiyani boshdan kechirmoqda. Avval ta’mirlash ishlarini 2023 yilda tugatish rejalashtirilgan edi, lekin yakunlash bir necha bor kechiktirildi va endi ishlar 2027 yilga mo‘ljallangan.
2) Pyayyanne suv tunneli (Finlandiya) — 120 km
Pyayyanne tunneli Katta Helsinki hududidagi 1 milliondan ortiq aholi uchun suv xavfsizligini ta’minlaydi. Qurilish 1972–1982 yillarda, ya’ni o‘n yil davom etgan va Finlandiyaning qattiq kristallik jinslari orasidan qazib o‘tilgan.
Tunnel shu qadar kengki, undan yuk mashinalari ham o‘ta oladi. U qoya-tosh qatlami ichida 10–30 metr chuqurlikda o‘tkazilgan va Pyayyanne ko‘lidan poytaxt mintaqasiga suvning tabiiy oqimini ta’minlaydi.
3) Suchjou metrosi, 3–11-yo‘nalishlar (Xitoy) — 86,54 km
Suchjou metrosining 3–11-yo‘nalishlari tunnellari majmuasi Xitoyda shahar temiryo‘l transporti qurilishi qanday tez sur’atlarda rivojlanishining yorqin namunasidir.
Ishlar 2018 yil noyabr oyida boshlangan, ochilish esa 2023 yil iyun oyida bo‘lgan — ya’ni taxminan 4,5 yil ichida.
Qurilish jarayonida zamonaviy tunnel qazish mashinalari hamda mintaqaning murakkab geologiyasiga moslashtirilgan usullar qo‘llangan.
4) Daxuofan suv tunneli (Lyaonin, Xitoy) — 85,3 km
Daxuofan tunneli Xitoy infratuzilma qurilishidagi tezlik va samaradorlikning namunasi hisoblanadi.
Ishlar 2006 yil sentabr oyida boshlanib, 2009 yil aprel oyida yakunlangan — jami 2,5 yil. Bu kabi ko‘lamdagi loyiha uchun juda tez muddat.
Diametri 8 metr bo‘lgan tonnel Daxuofan suv omboridan Xitoyning shimoli-sharqidagi 7 ta shaharga, jumladan Shenyan va Dalyanga suv yetkazib beradi.
5) Fish tunneli (Janubiy Afrika) — 82,8 km
Bu tunnel janubiy yarimshardagi eng uzun uzluksiz yopiq suv o‘tkazgich bo‘lib, muhandislik mahoratining ajoyib namunasidir.
Qurilish 1966 yilda boshlanib, 1975 yilda tugagan — 9 yil davom etgan. Tunnel diametri 5,35 metr, devorlari 23 sm qalinlikdagi beton qoplama bilan mustahkamlangan.
6) Bolmen suv tunneli (Shvetsiya) — 82 km
Bolmen tunneli skandinav muhandislik maktabining namunasiga aylangan va Shvetsiyaning janubiy hududlarini suv bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Qurilish 1975 yil yozida boshlangan va faqat 1985 yilda — qariyb 10 yildan keyin tugallangan. Loyiha jiddiy kechikishlar va budjetdan oshib ketishlar bilan to‘qnash kelgan, ammo qiyinchiliklarga qaramay tunnel bugun ham muvaffaqiyatli ishlab turibdi.
7) M11 metro yo‘nalishi, Istanbul (Turkiya) — 69 km
M11 yo‘nalishi Turkiyaning eng ulkan transport loyihalaridan biri bo‘lib, Istanbul markazini yangi xalqaro aeroport bilan bog‘laydi. Yo‘nalish ikki qismdan iborat: biri Gayretepadan, ikkinchisi Halqalidan chiqadi — ikkalasi aeroportda tutashadi.
8) Chendu metrosi, 6-yo‘nalish (Xitoy) — 69 km
Chendu metrosining 6-yo‘nalishi ishga tushirilgan paytda metro qurilishi amaliyotidagi dunyodagi eng uzun uzluksiz tunnel sifatida qayd etilgan. Yo‘nalish Vansun ibodatxonasidan Lanszyagougacha boradi, 54 ta bekatni o‘z ichiga oladi va yuqori sig‘imli 8 vagonli poyezdlar bilan xizmat ko‘rsatiladi.
Qurilish standartlashtirilgan Xitoy texnologiyalari va yuqori avtomatlashtirilgan uskunalar yordamida olib borilgan — bu mamlakat infratuzilmaviy muhandisligi “pishib yetilgan”ini ko‘rsatadi.
9) Nilum–Jxelum GES tunneli (Pokiston) — 68 km
Nilum–Jxelum loyihasi 1989 yilda ma’qullangan, ammo amalda qurilish ishlari faqat 2008 yilda boshlangan.
10) Sharqiy kollektor tunneli (Mexiko, Meksika) — 62,5 km
Túnel Emisor Oriente — Meksikaning eng yirik infratuzilma loyihasi va tunnel qazish mashinalari yordamida amalga oshirilgan eng murakkab loyihalardan biri.
Qurilish 2008 yilda boshlangan va 2012 yilda tugashi kerak edi, ammo ishlar 11 yilga cho‘zilib, faqat 2019 yilda yakunlangan.
Tunnel taxminan 20 million aholiga xizmat qiladi: oqova suvlarni o‘tkazishni ta’minlaydi va Mexikoni sel-toshqinlardan himoya qiladi.
Bu o‘nta noyob loyiha — o‘nlab yillik mehnat va yuzlab milliard dollarlik investitsiyalar natijasi bo‘lib, ilg‘or texnologiyalar, chuqur geologik tadqiqotlar va ulkan mehnat resurslarini birlashtiradi.
Mavzuga oid
14:05
Toshkent–Samarqand yangi temiryo‘lining texnik-iqtisodiy asoslari tayyor bo‘ldi
10:51 / 10.12.2025
Toshkent metrosida to‘rtta bekatning yopiq vestibyullari qayta ochiladi
10:34 / 06.12.2025
«Yer usti halqa yo‘li» yo‘nalishi va markaziy metro bekatlarida kassalar yopiladi
14:34 / 05.12.2025