Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ombudsman aralashuvi: mahkum va mahbuslarga tibbiy yordam tashkil etildi
Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar Ombudsmanga monitoring tashriflari va “Ombudsman quti”lari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilmoqda. Kelib tushgan murojaatlar asosida ayrim holatlarda tibbiy yordamni tezkor tashkil etish choralari ko‘rildi.
Foto: Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati ma’lum qilishicha, mahkum va mahbuslardan tashqari ularning yaqinlari hamda advokatlaridan ham murojaatlar kelib tushmoqda.
Jizzax: 29-son manzil-koloniyadagi holat
Jizzax viloyatidagi 29-son manzil-koloniyada og‘ir ahvoldagi mahkum M.B.ga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmagani haqida murojaat kelib tushgan. Ma’lum bo‘lishicha, mahkum ikki kun davomida yuqori harorat va isitma bilan bir necha tibbiyot muassasalariga olib borilgan bo‘lsa-da, bir muassasada to‘lov yoki yo‘llanma talab qilingan, boshqasida esa “o‘pka shifokori yo‘q” degan sabab bilan qabul qilinmagan. Unga “chap o‘pka absessi, ikki tomonlama pastki bo‘lak pnevmoniyasi” tashxisi qo‘yilgan.
Holat Ombudsman nazoratiga olinib, Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakil tomonidan mahkum zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga olib borilgan. Zarur tahlillar o‘tkazilib, bemor statsionar davolashga yotqizilgan. Davolanishdan so‘ng koloniyaga qaytgach ham kerakli dori vositalari ma’muriyat tomonidan ta’minlangani qayd etilgan.
Jizzax: vaqtincha saqlash hibsxonasidagi murojaat
Jizzax shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan Yu.Yu.ning himoyachisi uning sog‘lig‘i og‘ir ekani va jarrohlik amaliyoti uchun 23-sonli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonaga etap qilinishida yordam so‘ragan. Ombudsman talabnomasidan so‘ng mahbus tibbiyot xodimi va maxsus tibbiy avtomobilda etap qilingan.
Namangan: homilador ayolga tibbiy ko‘rik
Namangan viloyatidagi 6-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan, 5 oylik homilasi bor ayol Z.M. tibbiy yordamga muhtojligi bo‘yicha murojaat qilgan. Murojaat asosida ginekolog shifokor chaqirilib, ayolning to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlangan.
Sirdaryo: sayyor qabuldagi murojaatlar
Sirdaryo viloyatidagi 40-son manzil-koloniyasida sayyor qabul chog‘ida ikki nafar mahkum sog‘lig‘idan shikoyat qilgan. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan biri shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, qonunchilikka ko‘ra fuqarolar (shu jumladan, jazoni ijro etish muassasalaridagi shaxslar) shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega. Ombudsman axborot xizmati bunday murojaatlar bo‘yicha choralar ko‘rish davom ettirilishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
21:27 / 30.11.2025
Inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan 33 nafar mas’ul xodim intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan – Ombudsman
11:47 / 28.11.2025
Navoiydagi qattiq tartibli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum shifoxonada vafot etdi
19:05 / 21.11.2025
Rossiyada migrantlar uchun tibbiy yordam olish shartlari kuchaytiriladi
19:29 / 04.09.2025