O‘zbekiston | 11:00
1115
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

TKXUda 500 dan ortiq talabaga ta’lim grantlari topshirildi

Toshkent Kimyo xalqaro universitetida yilning eng muhim va tantanali tadbirlaridan biri — ta’lim grantlari hamda nomdor stipendiyalar sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilda universitetning Toshkent, Samarqand va Namangan filiallarida tahsil olayotgan iqtidorli hamda ijtimoiy ehtiyojmand talabalar uchun jami 530 ta ta’lim granti ajratildi. Shuningdek, universitet tarixida va iqtisodiyot fanining rivojida alohida o‘rin tutgan taniqli shaxslar nomi bilan ataluvchi 30 ta 100 foizlik nomdor stipendiya o‘z egalariga topshirildi.

 Xususan, talabalar quyidagi nomdor stipendiyalar bilan taqdirlandi:

• universitetning birinchi rektori Jonpulat Qudaybergenov nomidagi stipendiya;

• iqtisodchi olim Ahmadjon O‘lmasov nomidagi stipendiya;

• taniqli iqtisodchi, iqtisod fanining yetuk vakili Murod Sharifxo‘jayev nomidagi stipendiya.

Tantanali marosim Toshkent Kimyo xalqaro universiteti rektori, professor Akmal Allakuliyevning tabrik nutqi bilan boshlandi. U o‘z chiqishida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, grant va stipendiyalar talabalarning professional kelajagiga kiritilgan muhim sarmoya ekanini qayd etdi.

Shundan so‘ng universitetning birinchi rektori marhum Jonpulat Qudaybergenovning turmush o‘rtog‘i Dilora Qudaybergenova so‘zga chiqib, oliy ta’lim muassasasining shakllanish jarayoni, uning asosiy qadriyatlari va ta’limga bo‘lgan yondashuvi haqida xotiralari bilan o‘rtoqlashdi hamda talabalarga samimiy tilaklarini bildirdi.

17 noyabr — Xalqaro talabalar kuni arafasida universitet tomonidan talabalar uchun bayramona tadbir ham tashkil etildi. Dastur doirasida iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy va ijodiy chiqishlar namoyish etildi. Tadbir yakunida maxsus mehmon — DJ Macarella ishtirokidagi musiqiy shou bayramona kayfiyatni yanada ko‘tarinkiga chiqardi.

Mazkur tantanali marosim Toshkent Kimyo xalqaro universitetining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib e’tirof etish hamda kelajak uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan izchil siyosatining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Web-page | Telegram | Facebook | Instagram

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid