Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dubayda “Vatandoshlar” mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi
Unda xorijdagi yurtdoshlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir “Vatandoshlar” jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida tashkil etildi.
Forumda Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Iordaniya, Kuvayt va Ummon hududlarida yashab kelayotgan yurtdoshlar, o‘zbek jamoat birlashmalari vakillari hamda xorijda tahsil olayotgan yoshlar qatnashdi.
Mazkur ushrashuv 2026 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Vatandoshlar butunjahon qurultoyiga tayyorgarlik doirasidagi navbatdagi – to‘rtinchi mintaqaviy forum hisoblanadi.
Tadbir davomida O‘zbekiston hukumati tomonidan xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan yangicha yondashuvlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, yaratilayotgan yangi imkoniyatlar hamda chet eldagi yurtdoshlarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Forum doirasida xorijda o‘zbek tili va madaniyatini asrash, targ‘ib qilish, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida vatandoshlar salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, iqtisodiy hamkorlik hamda investitsiya aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Vatandoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy va amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning bilim, tajribasini mamlakat taraqqiyotiga yo‘naltirishda muhim platforma ekani qayd etildi.
Ma’lumot uchun, joriy yil davomida “Vatandoshlar” mintaqaviy forumlari Yevropa Ittifoqi, AQSh, Kanada hamda MDH davlatlarida ham tashkil etilib, ushbu uchrashuvlar doirasida vatandoshlar tomonidan 200 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.