O‘zbekiston | 16:32
23427
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijliklar o‘zbek so‘mini yoqib, olovida tamaki tutatdi

​​​​​​​Xorijiy davlat fuqarolari bo‘lgan uch kishi 2000 so‘mlik banknotani yoqib, tamaki tutatgani aks etgan video tarqaldi. Videodagi o‘zaro suhbatdan ular xitoylik ekanini taxmin qilish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda xorijliklar o‘zbek so‘mni yoqqani aks etgan video tarqaldi. Uni «Kichik Se» nomli akkaunt egasi WeChat'dagi sahifasida joylashtirgan.

Kun.uz manbasi ma’lum qilishicha, videodagilar Toshkent viloyatidagi korxonaning xitoylik ishchilari hisoblanadi. Ular 2 ming so‘m qiymatdagi O‘zbekiston milliy valutasini olovga tutib turgan. So‘ngra uning oloviga sigaret tutatib olishgan va kulishgan.

Bu harakat O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq jinoiy javogarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Jinoyat kodeksining 215-moddasiga ko‘ra (davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish) O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat bayrog‘i, davlat gerbi yoxud davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy valutasida davlat gerbi ramzi aks etgan.

 

Mavzuga oid