Iqtisodiyot | 17:06
1759
11 daqiqa o‘qiladi

“Foizsiz” illyuziyasi yoxud iste’molchi oldidagi mas’uliyat

Nasiya savdo amaliyoti hayotimizga dadil kirib keldi – bunday to‘lov modellari savdo va moliya bozorida ommalashdi. Tovar va xizmatlar xaridi qulaylashdi. Biroq nasiyaga savdo qiluvchi sub’yektlar o‘z ishiga mas’uliyatli yondashmasa, bu qulaylik zararga aylanadi. Kun.uz kolumnisti Iskandar Tursunov o‘z maqolasida BNPL – mug‘ombirlik instrumentiga aylanmasligi kerakligi haqida so‘z yuritadi.

Foto: Shutterstock

BNPLni tarjima qiladigan bo‘lsak, bu “Buy Now, Pay Later” — “hozir ol, keyin to‘la” degani. Bugun BNPL bilan bog‘liq muammolar haqida gaplashamiz.

Muammo mexanizmlarning o‘zida emas. Asosiy muammo — ularning reklama va marketingda qanday talqin qilinishida, iste’molchiga qaysi iboralar va qaysi urg‘ular bilan yetkazilishida. “Foizsiz”, “ortiqcha to‘lovlarsiz”, “oson rasmiylashtirish” kabi tovar sotib olishni osonlashtiruvchi so‘zlargina aytilib (yozilib), qolgani aytilmasa, iste’molchi mahsulotning haqiqiy qiymati va majburiyatini noto‘g‘ri baholashi mumkin.

Quyida muhim tafsilotlarni bandma-band ko‘rib chiqamiz.

Reklama oddiy e’lon emas, u moliyaviy xulq-atvorni shakllantiradi

Raqamli platformalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali moliyaviy mahsulotlar juda tez tarqaladi. Shu sababli endi reklama faqat sotuvni oshiradigan vosita bo‘lib qolmay, balki moliyaviy xulq-atvorni shakllantiradigan omilga aylanadi. Ayniqsa moliyaviy savodxonligi past guruhlar uchun reklamadagi ohang, soddalashtirilgan va’dalar va “tezkor, qulay” urg‘ulari qaror qabul qilishga kuchli ta’sir qiladi.

Shuning uchun marketing nafaqat tijoriy samaradorlik, balki mas’uliyat, shaffoflik, iste’molchini himoya qilish va jamiyat ishonchini saqlash mezonlari bilan ham baholanishi kerak.

“Foizsiz” deb yozilganda...

Ba’zi savdo nuqtalarida bo‘lib to‘lash taklif etilayotgan tovarning boshlang‘ich narxiga sezilarli ustama qo‘shilishi, natijada umumiy to‘lov summasi bozor narxidan ancha yuqori shakllanishi kuzatiladi. “Foiz yo‘q” deb iste’molchiga “umuman qo‘shimcha xarajat yo‘q” degan noto‘g‘ri signal beriladi. Adolat shuki, iste’molchiga “oyiga shuncha” deyish bilan birga, “jami qancha to‘layman” degan savoliga aniq javob berish kerak. Bu muhim!

“Sezilmas qarz” muammosi: mayda bo‘laklar tez ko‘payadi

BNPL va nasiya to‘lovlarining eng xavfli jihati shundaki, majburiyatlar “mayda bo‘laklar” ko‘rinishida tez yig‘iladi. Iste’molchiga bo‘lib to‘lash shartnomasi og‘ir emasdek ko‘rinadi va bir vaqtning o‘zida bir nechta shartnoma tuzadi, natijada umumiy to‘lov yuki daromadga nisbatan tez ortib boradi.

“Oyda bir kichik to‘lov” tarzida taqdim etilgan majburiyatlar ko‘paygach esa, iste’molchi o‘z moliyaviy holatini to‘liq baholay olmay qolishi mumkin. Oqibatda qarzdorlik sezilmas tarzda oshib, keyinchalik uni boshqarish qiyinlashadi.

Markaziy bankning nasiya bozori bo‘yicha tahliliy materialida keltirilishicha, 2024 yilda bir kishiga o‘rtacha 3 ta nasiya shartnomasi to‘g‘ri kelgan (2023 yilda – 2 ta). Bu ko‘rsatkich nasiya majburiyatlari jamlanib borishi ehtimolini kuchaytiradi.

Qarz yukining sifati – iqtisodiy barqarorlik uchun muhim mezondir

Qarzning ko‘payishi doim o‘sishga xizmat qilmaydi. Iste’mol qarzlari tez oshib, uy xo‘jaligi daromadiga og‘ir bosim o‘tkazsa, bu ham bozor barqarorligi uchun xatar tug‘diradi, ham jamiyatning ko‘plab ijtimoiy sohalariga zarba beradi.

Daromadning katta qismi qarz to‘lovlariga ketadigan sharoitda oilalarning kundalik ehtiyoji, jamg‘arma qilish imkoniyati, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi zaiflashadi. Bu esa nafaqat bitta oila, keng ko‘lamda butun iqtisodiyot uchun salbiy oqibatlarga olib keladi.

Shu sababli reklama va sotuv amaliyoti odamni qarzga kiritishga emas, uning qarz yukiga chidamlilik chegarasini tushuntirishga va ehtiyotkor qaror qabul qilishga chaqirishi kerak.

Markaziy bankning 2024 yil iyulidagi so‘roviga ko‘ra, bankdan qarzdor bo‘lgan respondentlarda bankdan tashqari majburiyatlar ham hisobga olinganda jami o‘rtacha qarz yuki (DSTI – daromadga nisbatan qarz to‘lovlari ulushi) 73 foizni tashkil etgan; respondentlarning to‘rtdan bir qismida esa DSTI 80 foizdan yuqori bo‘lgan!

Savdoda shaffoflik va mohiyatga e’tibor

Agar mahsulot “savdo” yoki “nasiya savdo” sifatida reklama qilinsa, u holda savdoga xos asosiy jihatlar iste’molchiga tushunarli bayon etilishi lozim.

Narx qanday shakllanayotgani, tovar yoki xizmatning qiymati nimalarni o‘z ichiga olishi, to‘lov muddati, majburiyatning oqibatlari, shartlarni buzish holatida nima bo‘lishi kabi masalalar yashirilmasligi kerak. Aks holda, “savdo” ko‘rinishida taqdim etilgan mexanizm amalda faqat kechiktirilgan to‘lov asosidagi moliyalashtirishga yaqinlashib qoladi va iste’molchi mahsulotning mohiyatini to‘liq anglamaydi. Bu esa reklama va shartnoma o‘rtasida ishonch tafovutini keltirib chiqaradi.

Jahon tajribasi: BNPL bozorida iste’molchini himoya qilish kuchaymoqda

Bugungi kunda BNPL bozorida reklama shaffofligi va iste’molchining xabardorligini kuchaytirish ko‘pgina mamlakatlarda ustuvor masala bo‘lib bormoqda. Sababi oddiy: “oson rasmiylashtirish” nazoratsiz kengaysa, bir nechta BNPL bitimlari yig‘ilib, qarzdorlik jamlanishi va xatarni anglash darajasi pasayishi ortishi.

Shu bois Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Avstraliya kabi bozorlarda reklama bo‘yicha talablar kuchaymoqda: reklama chalg‘itmasligi, xarajatlarni yashirmasligi va “oylik to‘lov” bilan birga “jami to‘lov” hamda asosiy shartlarni aniq ko‘rsatishi kerak.

Ayrim yurisdiksiyalarda “BNPL kreditmi yoki bo‘lib to‘lash usulimi?” savoliga amaliy yondashuvlarga aniqlik kiritilmoqda. Iste’molchi natijani aniq tushunishi shart, chunki u majburiyat oladi.

Shuning uchun reklamada va narx yorlig‘ida “jami to‘lov” va asosiy shartlar ochiq aytilishi, shikoyat qilish hamda mas’uliyatli sotuv mexanizmlari kuchli bo‘lishi lozim.

“Halol/islomiy” yorlig‘i: eng yuqori darajadagi mas’uliyat

Ayrim mahsulotlar o‘zini “halol” yoki “islomiy” deb taqdim etadi. “Halol/islomiy” bu – oddiy tijoriy da’vo emas, u iste’molchining e’tiqodiy ishonchi bilan bevosita bog‘lanadi. Shuning uchun bu da’vo ishlatiladigan reklamada narx va majburiyatlar yanada ochiq va aniq bo‘lishi shart.

Iste’molchining e’tiqodiy tuyg‘usidan foydalanib, uni mohiyatini tushunmasdan qarzga kirishga undash – ishonchni suiiste’mol qilish hisoblanadi. Bunday taqdimot oxir-oqibat nafaqat bitta kompaniya, balki butun bozor segmenti obro‘siga zarar yetkazishi mumkin.

Asosiy mezonlar: adolat, shaffoflik va iste’molchiga zarar yetkazmaslik

Mas’uliyatli reklama va marketingning markazida adolat turadi. Reklama va marketing faoliyati iste’molchiga zarar yetkazmasligi, uni adolatsiz moliyaviy yuk ostida qoldirmasligi lozim. Bu nafaqat axloqiy talab, u bozor ishonchi va barqarorlikning amaliy kafolatidir.

Reklamada mahsulotning qulay tomonlarini ko‘rsatish mumkin, biroq taqdimot muvozanatli bo‘lishi kerak: foyda va qulaylik bilan birga, iste’molchining qaroriga ta’sir qiladigan asosiy shartlar ham aniq va halol yoritilishi kerak.

Reklama va marketing uchun amaliy “minimal shaffoflik” qoidalari

BNPL/nasiya reklamasida mas’uliyatli yondashuv uchun kamida quyidagilar ta’minlanishi lozim:

1. “Oylik to‘lov” bilan birga, “Jami to‘lov” ham aniq ko‘rsatiladi (muddat, boshlang‘ich to‘lov bo‘lsa, u ham).

2. Reklamada “foizsiz” iborasi ishlatilsa, narx ustamasi, xizmat haqi, komissiya yoki boshqa xarajatlar mavjud bo‘lsa, yashirilmaydi va aniq bayon etiladi.

3. To‘lovning kechikishi shartlari chalg‘itmaydigan tarzda ko‘rsatiladi:

a) Agar penya/jarima 0 so‘m bo‘lsa, “jarimasiz” iborasi faqat shu mazmunda ishlatiladi.

b) Kechikishning boshqa oqibatlari (xizmat cheklovi, limit pasayishi, undirish tartibi va boshqalar) bo‘lsa, ular ham qisqa va tushunarli ko‘rsatiladi. “Batafsil shartlar” havolasi qo‘shimcha ma’lumot uchun berilishi mumkin, biroq “havola bor” degan bahona bilan muhim shartlar reklamada yashirilmaydi.

4. Bir vaqtning o‘zida bir nechta bo‘lib to‘lash shartnomasi tuzilsa, umumiy majburiyat tez oshishi mumkinligi haqida ogohlantirish beriladi (masalan: “Bir nechta bo‘lib to‘lash majburiyatlari umumiy to‘lov yukini oshirishi mumkin”).

5. “Halol/islomiy” da’vosi ishlatilsa, u faqat yorliq bo‘lib qolmay, shaffof hujjatlar va ichki nazorat bilan asoslanadi; xususan, reklama va marketing materiali vakolatli islomiy moliya maslahatchisi/kengashi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilganligi (tasdiqlash tartibi mavjudligi) ochiq ko‘rsatiladi.

Xulosa

BNPL va nasiya to‘lov tizimlari bozorda qulaylik yaratadi, savdoni tezlashtiradi va ayrim ehtiyojlar qondirilishi yengillashadi. Biroq ular noto‘g‘ri reklama qilinsa, “sezilmas qarz” muammosini kuchaytiradi, qarzdorlik yig‘ilishi tezlashadi, aholi ishonchiga putur yetadi.

Reklama va marketing “tez sotish” emas, “to‘g‘ri tushuntirish” tamoyiliga tayanishi kerak. Mas’uliyatli reklama iste’molchining ongli tanlovini himoya qiladi, tadbirkorning obro‘sini mustahkamlaydi va bozor barqarorligiga uzoq muddatli hissa qo‘shadi.

Iskandar Tursunov,
Islomiy moliya eksperti,
Al Muamalat Consulting direktori

Mavzuga oid