Bundan 8 yil muqaddam o‘zbekistonliklarni olib Rossiyaga ketayotgan avtobus Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati hududida yonib ketgandi. Bu dahshatli fojia ko‘pchilikning yodidan chiqmagan bo‘lsa kerak. Ammo, keyingi davrda ham aynan shu hududda YTHlar bilan bog‘liq halokatlar yuz berishdan to‘xtagani yo‘q. Bunday qayg‘uli holatlar ortida qanday sabab va omillar bor?

Bundan 8 yil muqaddam – 2018 yilning 18 yanvar kuni o‘zbekistonliklarni olib Rossiyaga ketayotgan avtobus Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati hududida yonib ketgandi. Fojia oqibatida avtobus salonida bo‘lgan 57 kishidan 52 nafari halok bo‘ldi. Bu dahshatli voqea ko‘pchilikning yodidan chiqmagan bo‘lsa kerak. Ammo, keyingi davrda ham aynan shu hududda YTHlar bilan bog‘liq halokatlar yuz berishdan to‘xtagani yo‘q.

Birgina dekabr oyining o‘zida dastlab «Moskva – Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan avtobus avariyaga uchradi. Unda O‘zbekistonning 54 nafar fuqarosi bo‘lgan.

Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmay, boshqa bir avtobusning ariqqa ag‘darilib ketishi oqibatida yo‘lovchilardan 5 nafari, xususan, 2 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi.

2024 yilning aprel oyida 8 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan YTH ham aynan Aqto‘be oblastida ro‘y bergandi.

Umuman olganda, bu hududda o‘zbekistonlik yo‘lovchilar qatnashgan halokatlar muntazam takrorlanib kelyapti. Bunday qayg‘uli holatlar ortida qanday sabab va omillar bor? Quyida ana shu savollarga javob izlashga harakat qilamiz.

Aqto‘be yo‘llari nega xavfli?

Birinchidan, Aqto‘be viloyati hududidan Markaziy Osiyo va Rossiyani bog‘lovchi asosiy avtomobil magistrallari o‘tadi. Xususan, Samara – Chimkent xalqaro yo‘li Rossiyaning Yevropa qismidan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari va yo‘lovchilarning katta qismi Rossiya shaharlariga aynan shu yo‘nalishda, Qozog‘iston hududi orqali avtobus, mikroavtobus yoki yengil mashinalarda qatnaydi.