Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turli taqvimlar - turli yillar: dunyo mamlakatlari hozir qaysi yilda “yashayapti”?
Dunyoning ayrim burchaklarida odamlar Yangi yilni nishonlab bo‘lishdi va endi 2026 yilda yashayapti. Ammo hamma mamlakatlar ham faqatgina grigorian taqvimidan foydalanmaydi.
Bugun grigorian taqvimi dunyo mamlakatlarining aksariyatida asosiy taqvim hisoblanadi. 160 dan ortiq davlatda u yil hisoblashning yagona tizimi hisoblanadi.
Yaponiya faqat grigorian taqvimidan foydalanmaydi. Mamlakatda hozirgi imperator hukmronligi boshlangan sanadan ham yil sanog‘i yuritiladi. Imperator Naruxito 2019 yil 1 may kuni taxtga chiqqan. Demak, bugun Yaponiyada yettinchi yil.
Grigorian taqvimidan tashqari, dunyoda eng keng tarqalgan taqvimlardan biri — islomiy taqvim. Unda yil sanog‘i milodiy 622 yildan boshlanadi. Bu taqvim, masalan, Jazoir, Misr, Iroq va Yaman kabi mamlakatlarda qo‘llanadi. Hozir bu davlatlarda 1447 yil.
Xitoyda bir nechta taqvimdan foydalaniladi. An’anaviy sharqona (oy-quyosh) taqvimga ko‘ra, hozir u yerda Yashil Daraxt Ilon yili ostida 4722 yil ketmoqda. Bu yil 2026 yil yanvar oxirida almashadi.
Oy-quyosh taqvimi Isroilda ham ishlatiladi. Yahudiy taqvimiga ko‘ra, bugun 5786 yil.
Ayrim mamlakatlar quyosh taqvimlarining turli ko‘rinishlaridan foydalanadi. Masalan, Afg‘oniston va Eronda hozir 1404 yil, Bangladeshda esa 1432 yil.