Jahon | 15:27 / 11.01.2026
8743
6 daqiqa o‘qiladi

«Bandit» va «fanatik». Venesuela endi kimlarning qo‘lida qoldi?

Nikolas Maduro o‘g‘irlab ketilgach, vitse-prezident Delsi Rodriges rasman yangi prezidentga aylangan bo‘lsa-da, Venesuelada haqiqiy hokimiyat amalda kuchishlatar tuzilmalar rahbarlari qo‘lida jamlangan.

Pedro Mattey / AFP / Scanpix / LETA

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Amerika harbiylari tomonidan qo‘lga olingan va sud qilish uchun AQShga olib ketilgan. Endi Venesuelada qarorlarni kim qabul qiladi? The Washington Post gazetasi bexosda rahbaridan ayrilgan mamlakatda katta hokimiyatga ega bo‘lgan ikki muhim shaxs haqida hikoya qildi. Bular mudofaa vaziri Vladimir Padrino hamda ichki ishlar vaziri Diosdado Kabeliodir. Ular yirik qurolli guruhlarni nazorat qiladi, ikkisi ham mamlakatdagi asosiy bizneslarni qo‘lga olgan va ikkisi ham giyohvand moddalar savdosida ayblangan.

Nikolas Maduro hokimiyatdan ag‘darilgach, vitse-prezident Delsi Rodriges rasman Venesuelaning yangi rahbariga aylandi. Uning akasi Xorxe Rodriges – parlament spikeri hisoblanadi. Ammo amalda ular hokimiyatni yana kamida ikki kishi bilan bo‘lishishiga to‘g‘ri keladi: mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes va ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelio.

Ularning barchasi – Venesuelani 2000 yildan buyon boshqarib kelayotgan chaveschilar harakati faxriylaridir. Maduro hokimiyatda ekanida ham bu uchlik o‘rtasidagi munosabatlar keskin bo‘lib turgandi.

Padrino nafaqat armiyani, balki Venesuela iqtisodiyotining katta qismini, jumladan, yirik konlarni nazorat qiladi.

Kabelioning nazoratida esa politsiya kuchlaridan tashqari kolektivos ham bor – bu hokimiyatparast qurolli guruhlardir. Ularning jangchilari mototsikllarga minib, niqob taqqan va qurol ko‘targan holda ko‘chalarda navbatchilik qiladi. Maduro ag‘darilishi bilanoq ular poytaxt Karakas ko‘chalarida ko‘plab blokpostlar tashkil etib, yo‘lovchilarni to‘xtatib, ularning telefonlaridan shubhali yozishmalarni qidira boshladi.

Padrino va Kabelio bir necha bor hal qiluvchi pallalarda Maduro rejimini qutqarib qolishgan. Xususan, 2019 va 2024 yillarda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan keyin (ikki safar ham muxolifatchilar Maduroning g‘alabasini tan olmagan). Ikki holatda ham harbiylar, politsiyachilar va kolektivos namoyishlarni kuch bilan bostirib, rejimning saqlanib qolishini ta’minlagan.

Kabelio o‘zining o‘ta radikalligi bilan ajralib turadi. U «Bolg‘a bilan ur» nomli haftalik teleshouni olib boradi, hukumat yig‘ilishlariga esa «Shubhalanish – xiyonat» yozuvi tushirilgan kepka kiyib keladi.

The Washington Post hukumatga yaqin bo‘lgan maslahatchilardan biri bilan gaplashgan. Uning tasdiqlashicha, mamlakatdagi birdamlik saqlanishiga aynan Kabelio mas’uldir: «Inqirozli holat yuzaga kelganida, u muzokara qilib o‘tirmaydi – u tartib o‘rnatadi. Delsi boshqaradi, Diosdado esa hokimiyat qo‘ldan ketmasligi uchun mas’ul».

Chaves harbiy bo‘lgan – va u ham xarizmatik yetakchi edi. U neft narxi yuqori bo‘lgan davrda neft qazib oluvchi mamlakatni boshqargandi. Maduroda esa bu afzalliklarning hech biri yo‘q edi. U hokimiyatni qatag‘onlar bilan ushlab turdi va kuchishlatar tuzilmalarni qo‘llab-quvvatladi.

Harbiylar (ya’ni Vladimir Padrino – 2014 yildan buyon mudofaa vaziri) tog‘-kon sanoatini, asosiy tovarlarni taqsimlash tizimini, so‘ngra portlarni ham o‘z nazorati ostiga oldi. Ular amalda hokimiyatning alohida tarmog‘iga aylangan.

Amerika rasmiylari ta’kidlashicha, armiya qo‘mondonlari noqonuniy biznesdan ham foyda ola boshlagan. 2020 yilda Florida janubiy okrugi prokuraturasi Padrino va Kabelioga qarshi ayblov e’lon qilib, ular o‘z lavozimlaridan giyohvand moddalar savdosi va AQShni kokain bilan «to‘ldirish»da foydalanganini da’vo qilgan. Ularni qo‘lga olish uchun katta miqdordagi mukofot pullari e’lon qilingan – Padrino uchun 15 million dollar va Kabelio uchun 25 million dollar.

So‘nggi yillarda Maduro markazlashgan hokimiyatni qo‘ldan boy berib, o‘zaro dushman guruhlar o‘rtasidagi hakamga aylangandi.

Diosdado Kabelioning harakatlarini oldindan taxmin qilish qiyin. U 1992 yilda Chavesning muvaffaqiyatsiz to‘ntarishida qatnashgan, ikki yil qamoqda o‘tirgan, o‘tgan asrning 90-yillari oxirida Chaves hokimiyatga kelganidan keyin siyosiy karerasini qurgan. Turli yillarda u vitse-prezident va ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlab, kuchishlatar tuzilmalar bilan aloqalarni mustahkamlagan. Chaves vafotidan keyin Maduroning asosiy raqibi sifatida qaralgan. Siyosiy kurashda Maduroning qo‘li baland keladi, Kabelio esa siyosiy sahnani tark etadi – 2024 yilgi saylovlardan so‘ng Maduro uni hukumatga qaytarmaguncha.

Kabelio oilasining ta’siri butun mamlakatni qamrab oladi: uning qarindoshlari razvedka, soliq xizmati va parlamentda muhim lavozimlarni egallagan. U ma’lum muddat soyada bo‘lganida ham mamlakatning eng nufuzli shaxslaridan biri bo‘lib qolgandi.

The Washington Post nashri bilan suhbatlashgan ekspertlar bu ikki figura haqida shunday fikr bildiradi: «Bandit bilan kelishish fanatik bilan kelishishdan ko‘ra osonroq». Ular Padrino o‘z shartlarini qo‘yib, AQShning sherigi bo‘lishi mumkinligiga ishora qilishmoqda, Kabelio bilan esa bunday bo‘lishi dargumon.

Mavzuga oid