Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zaxarova Solovyovning Markaziy Osiyo va Armaniston haqidagi so‘zlari yuzasidan munosabat bildirdi
U bu gaplar davlatning pozitsiyasi emas, teleboshlovchining shaxsiy fikri ekanini ta’kidlagan.
Foto: Videodan kadr
Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyovning Venesuela va Suriya yo‘nalishlari Armaniston va Markaziy Osiyo bilan taqqoslaganda ikkinchi darajali ahamiyatga ega ekani haqidagi bayonoti Moskvaning rasmiy pozitsiyasiga qanchalik mos ekani haqidagi savolga javob qaytardi.
Propagandachi o‘z muallifligidagi «Solovev Live» ko‘rsatuvining 10 yanvar kuni berilgan sonida Markaziy Osiyoni «bizniki» deb atagan hamda Rossiya Ukrainada bo‘lgani kabi Armaniston va Markaziy Osiyo davlatlarida ham «maxsus harbiy operatsiya» boshlashi kerakligi haqida gapirgandi. U shuningdek Armaniston ta’sir doirasidan chiqishini Rossiya uchun «ulkan muammo» deb atagandi.
Zaxarova Solovyovning so‘zlarini jurnalistning xususiy kanalda bildirgan fikri deb atadi. Shuningdek, u bu fikr bayonot emas, balki savol shaklida tuzilganini ta’kidladi.
«Birinchidan, gap jurnalistning fikri haqida ketmoqda, ta’kidlayman – fikri haqida. Ikkinchidan, jurnalistning, teleboshlovchining bu fikri xususiy „Solovev Live“ kanalida aytilgan. Uchinchidan, men iqtiboslarni o‘qib chiqdim va kontekstdan yulib olingan jumlalarga emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri nutqqa tayanaman. Bu fikr savol ko‘rinishida shakllantirilgandi. U yerda bayonot emas, savol bo‘lgan. Bilmayman, ritorik yoki boshqacha savolmi – bunisi endi menga taalluqli emas. To‘rtinchidan, bu gaplar „divan analitiklari“ tomonidan ochiq va yaqqol provokatsion tarzda, xuddi Rossiyaning rasmiy pozitsiyasidek qilib ko‘rsatilgan. Bunday manipulyatsiyalar bilan shug‘ullanishga shunchaki yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», – dedi TIV vakili.
U ayrim sharhlovchilar vaziyatdan foydalanib, «na bu ko‘rsatuvda va na boshqalarida umuman aytilmagan, go‘yoki Rossiyaning possovet davlatlariga nisbatan tajovuzkor niyatlari borligi haqidagi turli uydirma va g‘irt safsatalarni axborot maydoniga chiqarishgani»ni ta’kidlagan.
«Shu munosabat bilan rasmiy nuqtayi nazar vakolatli mansabdor shaxslar tomonidan bildirilayotganini yana bir bor ta’kidlashni istardim. Rossiyaning rasmiy pozitsiyasiga kelsak, u mamlakat rahbariyati tomonidan umumiy sovet o‘tmishi, possovet hududi, hozirgi suveren davlatlar bilan munosabatlar kontekstidagi siyosatimizga nisbatan bir necha bor bildirilgan. Takror aytaman, bu pozitsiya Rossiya Federatsiyasi prezidenti, hukumat raisi, tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri, barcha yo‘nalishlardagi vazirlar tomonidan turli sammitlar, uchrashuvlar, muzokaralar, maslahatlashuvlar, matbuot anjumanlari, intervyular davomida o‘n minglab bor yangradi.
MDH, KXShT kabi possovet hududidagi mavjud tuzilmalar o‘rtasida ham muntazam muloqot olib borilmoqda. Shu o‘rinda KXShT yo‘nalishi bo‘yicha Xavfsizlik kengashi kotiblari uchrashuvi formati mavjudligini eslatib o‘tmoqchiman. Aynan mana shu tuzilmalar va ularga rahbarlik qilayotgan odamlar, u yerda ishlayotgan ko‘plab ekspertlar aynan bizning umumiy mintaqamizdagi xavfsizlik masalalarini muhokama qilmoqda. Hozir buni pozitsion bayonotlarga havola qilish imkoniyatiga ega emasman. Son-sanoqsiz marta aytilgan gaplarni qisqacha bayon etaman», – degan rasmiy.
Rossiya TIV vakili Rossiyani Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo xalqlari bilan tarixan yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik, ittifoqchilik, qardoshlik do‘stligi va hamkorlik munosabatlari bog‘lab turishini, do‘st davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan samimiy shaxsiy munosabatlar – aloqalarning barqaror rivojlanishi garovi bo‘lib xizmat qilishini qayd etgan.
«Gapga emas, ishlarga qarab baho berish kerak – biz necha marta yordamga kelganimiz, samimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatganimiz, hamdardlik bildirganimiz, quvonchni baham ko‘rganimizga», – degan Mariya Zaxarova.
U har qanday holatda ham «qoqilib qolmaslik» va provokatsiyalarga chalg‘imaslikka chaqirgan.
Mavzuga oid
15:08 / 14.01.2026
Solovyov O‘zbekistonda nomaqbul shaxs deb e’tirof etilishi kerak - Bobur Bekmurodov
20:54 / 12.01.2026
Armaniston TIV targ‘ibotchi Solovyov bayonotlari tufayli Rossiya elchisini chaqirtirdi
11:48 / 12.01.2026
Rossiyalik propagandachi Solovyov Markaziy Osiyoda ham «SVO» boshlash kerakligi haqida gapirdi
16:51 / 11.06.2025