O‘zbekiston | 08:53
867
4 daqiqa o‘qiladi

Chiqindi qutilarini o‘rnatish bo‘yicha qoidalar: 13 toifa hudud kesimida

Hududlar tozaligini saqlash, chiqindilarni tartibli joylashtirish va yig‘ish maqsadida respublika bo‘ylab maxsus chiqindi qutilarini o‘rnatish tartibiga oid aniq me’yorlar belgilangan. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi axborot xizmati videoqo‘llanma orqali ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

Chiqindi qutilarini o‘rnatish bo‘yicha talablar O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 4 yanvardagi 5-son farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi 787-son qaroriga muvofiq belgilangan. Unga ko‘ra, hudud turiga qarab chiqindi qutilarini o‘rnatish masofalari va mas’ul tashkilotlar aniq ko‘rsatilgan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, chiqindi qutilarini o‘rnatish tartibi quyidagicha:

  • ko‘p kvartirali uylarga — Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan har bir pod’yezdga kirish yo‘lida 1 tadan;
  • tashkilot va savdo obektlariga — yuridik shaxslar, tashkilot va idoralar mulkdorlari yoki ijaraga oluvchilari tomonidan binoga kirish-chiqish yo‘llarida 1–2 tadan;
  • bozorlar va yirik savdo majmualariga — bozor ma’muriyati yoki savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan har 250 m² maydon uchun 1 tadan, savdo do‘konlari qatori bo‘ylab esa har 10 metr masofada;
  • tibbiyot muassasalarida — muassasani balansda saqlovchi ma’muriyat tomonidan hovli hududining har 700 m² maydonida 1 tadan, asosiy alleyalarda esa har 10 metr masofada;
  • metro va yer osti/yer usti o‘tish joylarida — metropoliten davlat unitar korxonasi, tunnellarda esa tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan har bir kirish-chiqish joyida 2 tadan;
  • gavjum ko‘chalar va umumiy foydalanish hududlarida — tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan har 50 metrdan, odam kam joylarda esa har 100 metrdan oshmagan masofada;
  • jamoat transporti bekatlarida — ularni balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan har bir bekatda 1–2 tadan;
  • yo‘lkalar, magistral ko‘chalar piyodalar yo‘lagi bo‘ylab va ko‘priklarda — hokimliklar huzuridagi tuman-shahar boshqarmalari tomonidan serqatnovligidan kelib chiqib, har 50 yoki 100 metrdan oshmagan masofada 1 tadan;
  • jamoat yo‘lovchi transporti hamda temiryo‘l bekati hududlarida — balansda saqlovchilar yoki transport tashkilotlari tomonidan har bir bekatda 1–2 tadan;
  • vaqtinchalik savdo do‘konlari va ko‘chma shoxobchalarga tutash hududlarda — xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan 5 metr radiusgacha masofada 1 tadan;
  • chekish uchun ajratilgan maxsus joylarda — balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan 1–2 tadan;
  • istirohat bog‘lari, xiyobon va alleyalarda — balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan bir-biridan 40 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada; maydon katta bo‘lsa, har 800 m² uchun kamida 1 ta quti;
  • to‘xtash joylari va plyajlarda — balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan avtoturargohlarga kirishda 1–2 ta; dam olish va plyaj zonalarida esa suv bo‘yidan 15 metr, yashil ekinlardan 3–5 metr uzoqlikda, ya’ni har 800 m² ga 1 tadan ko‘tarish mexanizmli yoki almashtiriladigan chelaklarga ega bo‘lgan ko‘chma chiqindi qutilari o‘rnatilishi shart.

Shuningdek, agentlikka ko‘ra, chiqindi qutilari to‘lishiga qarab muntazam ravishda, ammo sutkada kamida bir marta bo‘shatilib, tozalanishi lozim.