Jahon | 22:17 / 19.01.2026
3453
5 daqiqa o‘qiladi

Kamchatka «qor ostida» qoldi. Bunaqasi 50 yildan buyon bo‘lmagan

Mahalliy aholi besh metr balandlikdagi qor uyumlari haqida gapirmoqda. Ayrimlar uyidan faqat deraza orqali chiqa olgan.

2025 yil dekabrida Petropavlovsk-Kamchatskiy regionida 370 millimetr yog‘in tushgandi (bu oylik normaning 316 foizi degani), 2026 yil yanvar oyining birinchi yarmida esa shaharda yana 163,6 millimetrlik qor yog‘gan (bu oylik normaning 150 foizidir), deb xabar bergan «Kamchatka-Inform» agentligi hududiy gidrometeomarkazga asoslanib.

Shaharda qor qoplami balandligi 170 santimetrga yetgan, ayrim rayonlarda bu ko‘rsatkich 2,5 metrdan ortiq. Mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda besh metrgacha balandlikdagi qor uyumlari haqida yozishgan.

 

Aleksandr Piragis / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia
Aleksandr Piragis / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia
Aleksandr Piragis / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia
Aleksandr Piragis / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Petropavlovsk-Kamchatskiyda munitsipal darajadagi favqulodda vaziyat rejimi davom etmoqda. 17 yanvarga kelib Kamchatkaga qor yog‘dirgan siklonlar chekina boshlagan bo‘lsa-da, regionda qor ko‘chkisi xavfi haqida ogohlantirish hamon amal qilmoqda. Dushanbaga o‘tar kechasi Petropavlovsk-Kamchatskiy ko‘chalaridan 2,5 ming metr kub qor olib chiqib ketilgan.

Kamchatgidromet rahbari Vera Polyakovaning ma’lum qilishicha, so‘nggi bir yarim oy ichida Kamchatkada yuzaga kelgan ob-havo sharoiti ekstremal toifasiga kiradi va juda kamdan kam hollarda qayd etiladi. «So‘nggi marta bunday miqyosdagi vaziyat 1970-yillar boshlarida qayd etilgan, o‘shanda qisqa vaqt ichida bir vaqtning o‘zida bir necha oylik yog‘ingarchilik miqdori kuzatilgan. Zamonaviy kuzatuvlar davri uchun bunday sharoitlar juda kam uchraydi», – dedi u favqulodda vaziyatni bartaraf etish komissiyasi yig‘ilishida.

Qor kollapsi fonida Petropavlovsk-Kamchatskiyda yo‘lovchi avtobuslar harakati to‘xtab qolgan. Odamlarni Rosgvardiya avtozaklari va obodonlashtirish xizmatlari uchun mo‘ljallangan maxsus avtobuslarda tashishmoqda. Faqat 17 yanvar kunidan yo‘lovchi avtobuslari harakati muayyan cheklovlar bilan qayta tiklandi.

Aholining uylarini qor bosib qolgan, ularni tozalashda qutqaruvchilar va harbiylar yordam bermoqda. «Avito» e’lonlar saytida uylar va mashinalarni qordan tozalash xizmatlari narxi 80 ming rublgacha ko‘tarilgan. Qor yog‘ishi tufayli region poytaxtida chiqindi tashish deyarli to‘xtadi. Buning asosiy sababi – kommunal xizmat mashinalari qor bosgan hovlilarga kira olmayapti.

Aleksandr Piragis / Anadolu / Getty Images
Aleksandr Piragis / Anadolu / Getty Images
Aleksandr Piragis / Anadolu / Getty Images
Aleksandr Piragis / Anadolu / Getty Images
Aleksandr Piragis / Anadolu / Getty Images

Regiondagi hududiy muassasalar va maktablar masofaviy ish rejimiga o‘tkazildi. 15 yanvar kuni mahalliy rasmiylar ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi – ularni tomlardan tushgan qor bosib qolgan. Shuningdek, uylar atrofidagi do‘konchalarda ayrim mahsulotlar yetishmasligi, yirik tarmoqlardagi savdo nuqtalarida navbatlar yuzaga kelgani aytilmoqda. Rasmiylar do‘konlarni aylanib, eng zarur tovarlar mavjudligini kuzatib borishadi.

Rasmiylar aholini ovoz kuchaytirgichlar orqali ogohlantirib, zaruratsiz uydan chiqmaslikni tavsiya qilmoqda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish shtabi negizida ko‘ngillilar tashkiloti tashkil etilgan bo‘lib, uning a’zolari nafaqaxo‘rlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘p bolali oilalar, shuningdek, Ukraina urushi qatnashchilarining oilalariga uy atrofidagi hududlarni qordan tozalashda yordam bermoqda, ularga oziq-ovqat va dori-darmonlar yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda.

Kamchatka gubernatori Vladimir Solodov 19 yanvar kuni favqulodda vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha komissiya yig‘ilishidan so‘ng Petropavlovsk-Kamchatskiydagi muhim yo‘llar va kvartallar o‘rtasidagi o‘tish yo‘llarini tozalashni buyurdi. Region hukumati qaroriga ko‘ra, YHXB xodimlari eng gavjum chorrahalarda yo‘l harakatini qo‘lda tartibga solishni boshladi.

Kamchatka aholisi vakillari ijtimoiy tarmoqlarda noqulay ob-havo sharoitida qanday yashashayotgani aks etgan videolarni joylashgan. Bu videolarda tez yordam shifokorlari qor uyumlari va qor bosgan pod’yezdlar orqali bemorlar oldiga qanday borishi, qamalib qolgan odamlar ko‘p qavatli uylardan derazalar orqali qanday chiqishi (ba’zan hatto yuqori qavatlardan qor uyumlariga sakrashadi, garchi bu xavfsiz bo‘lmasa ham), mashinalarini qor ichidan qanday chiqarib olayotganini ko‘rish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda Kamchatkadan olingan videolar keng tarqalishi fonida sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan ekstremal qor yog‘ishi mavzusidagi videolar ham paydo bo‘ldi. Sun’iy intellekt yasagan videolarda Kamchatkada qor uyumlari ko‘p qavatli uylarning to‘qqizinchi qavatiga qadar ko‘tarilgani, hudud aholisi esa o‘z uylaridan toyib tushayotgani ko‘rsatilgan.

 

Mavzuga oid