Jamiyat | 10:18
2890
2 daqiqa o‘qiladi

YHXB “raqamsiz Malibu” haqidagi xabarlarga rasmiy izoh berdi

Internet tarmog‘ida Toshkent shahrida davlat raqam belgilarisiz harakatlanib kelayotgan qora rangli Malibu-2 haydovchisi YPX inspektorlari tomonidan to‘xtatilgani, ammo unga hech qanday qonuniy chora ko‘rilmasdan qo‘yib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. IIBB YHXB bu holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: IIBB YHXB

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 8 yanvar kuni soat 15:45 da Olmazor tumani Beruniy ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori — serjant J.G‘.Erkinov tomonidan davlat raqam belgilarisiz harakatlanayotgan Malibu-2 avtomashinasi to‘xtatilgan. Tekshiruv jarayonida haydovchi 2002 yilda tug‘ilgan A.A. ekani, unda avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hech qanday hujjatlar yo‘qligi, shuningdek, avtomashinaning old pesh oynasiga qoplama yopishtirilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, holat bo‘yicha haydovchiga MJtKning 125-, 126- va 135-moddalari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

IIBB YHXB ma’lumotiga ko‘ra, ushbu jarayonni yaqin atrofda bo‘lgan noma’lum fuqaro video tasvirga olgan, keyin esa videoni to‘liq shaklda emas, montaj orqali kesib, xodimni obro‘sizlantirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga joylagan. Hozirda videoni tasvirga olgan fuqaroning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

IIBB YHXB ijtimoiy tarmoq faollaridan bir tomonlama ma’lumotga tayanib, noxolis ma’lumotlar tarqatmaslikni so‘rab qoldi.

Mavzuga oid