O‘zbekiston | 18:23 / 23.01.2026
2746
3 daqiqa o‘qiladi

“Og‘ir” toifadagi 903 ta mahallada 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yildagi asosiy vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. “Og‘ir” tuman va mahallalarda aholini ishli qilish hamda daromadini ko‘paytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr bilan ta’minlash masalasini hal qilish zarurligi qayd etildi.

Foto: Kun.uz

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, hududlarning bosh rejasini ishlab chiqish uchun Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Turkiyadan mutaxassislar chaqirilmoqda.

Lekin o‘zimizdagi 18 ta oliygohda arxitektura yo‘nalishida yiliga 7 mingga yaqin mutaxassis tayyorlanmoqda.

Hokimlar bitiruvchi talabalarni 903 ta “og‘ir” mahallaning bosh rejasiga jalb qilib, ularni chet ellik mutaxassisga biriktirsa, bu yoshlarimiz uchun ham kasbiy amaliyot, ham tajriba maktabi bo‘lishi ta’kidlandi.

Talabalar o‘rtasida mahalla bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.

Bunday mahallalarga yangicha qiyofa olib kiradigan eng zo‘r loyihalarni ishlab chiqqan talabalar jamoasiga 100 million so‘mdan mukofot beriladi.

Bu orqali zamonaviy yosh arxitektor va urbanistlar korpusi shakllantirilishi ta’kidlandi.

“Og‘ir” tuman va mahallalarda aholini ishli qilish hamda daromadini ko‘paytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr bilan ta’minlash masalasini hal qilish zarurligi qayd etildi.

Buning uchun 903 ta mahallaning har birida 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari qurilib, mahallaga beg‘araz aktiv sifatida beriladi.

Stansiyalardan olingan “yashil” energiya hisobidan har bir mahallada 400-500 million so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan iqtisodiy aktiv paydo bo‘ladi.

Bu “yashil” daromad “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadi. Ya’ni ushbu mablag‘lar ehtiyojmand xonadonni “yashil” ta’mirdan chiqarib, energiya xarajatini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilishga mazkur mahallalarda yashovchi kambag‘al oila a’zolari ishga olinadi. 1-guruh nogironligi bo‘lib, oilasida mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan 6 ming 700 ta xonadon energiya tejamkor qilib ta’mirlanadi.

Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada ham amalga oshiriladi. Kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7 yil muddatga mahallalarga foizsiz lizingga beriladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid