Iqtisodiyot | 07:50
8633
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tabiiy gaz bilan bog‘liq holat qanday o‘zgaryapti?

Har qanday mamlakat, shu jumladan O‘zbekiston uchun ham tabiiy gaz resurslari strategik ahamiyatga ega. Bu mamlakat iqtisodiyoti, energetik xavfsizligi va tashqi savdo balansiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Oxirgi yillarda gaz qazib olish, eksport va import bilan bog‘liq dinamika qanday o‘zgardi?

Gaz qazib olish

Yildan yilga O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi kamayib borayotgandi. Ammo, rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025 yilda 2,4 foizlik o‘sish qayd etilgan. Xususan, 2025 yilda 42,3 mlrd kub gaz qazib olingan, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 41,3 mlrd kubni tashkil etgan. E’tiborga molik jihati, 2024 yilning yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan hisobotda gaz qazib olish hajmi 44,6 mlrd kubni tashkil etgani ko‘rsatib o‘tilgandi. Raqamlarning birdan o‘zgarib qolgani bo‘yicha ma’sul davlat tashkilotlarining hech biri rasmiy izoh bergani yo‘q.

Gaz eksporti

O‘zbekiston uzoq yillar xorijga yirik hajmlarda gaz eksport qilib keladi. Qazib olish ko‘rsatkichlarining pasayishi fonida eksport ham oldingiga qaraganda kamaydi, ammo to‘xtagani yo‘q. Masalan, 2025 yilda 629 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu qiymat jihatdan 2024 yilning mos davriga nisbatan 1,4 foizga ko‘p.

O‘zbekiston gazi asosan Rossiya, Xitoy, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarga eksport qilib kelingan. 2020 yilda Rossiyaga eksport to‘xtatildi, Xitoyga yetkazib berish hajmi ham kamaya boshladi. O‘zbek gazini xorijga sotish narxi biror marta ochiqlanmagan va bu “tijoriy sir” sifatida tavsiflanadi. Shu sababdan eksportning miqdor jihatdan qanday o‘zgarayotganini tahlil qilish imkonsiz.

Gaz importi

2023 yildan boshlab qazib olishdagi taqchillik Turkmaniston va Rossiyadan gaz import qilishni oshirish hisobiga qoplana boshlandi. Bu esa O‘zbekistonning tabiiy gaz eksportchisidan, tabiiy gazning sof importyoriga aylanib qolishiga sabab bo‘ldi.

2020-2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonga import qilingan gaz hajmi qiymat jihatdan 33 barobarga oshdi.

O‘zbekistonning gaz zaxiralari qancha?

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 1 trln 867 mlrd kub metrga baholangan edi va joriy qazib chiqarish hajmlarida bu zaxiralar kamida 34 yilga yetishi ma’lum qilingandi. 2023 yilning avgust oyida O‘zbekistonda 296 ta neft-gaz koni mavjudligi, ularda jami 1 trln 854 mlrd kub metr gaz zaxiralari borligi ma’lum qilingan. 296 ta neft-gaz konidan 122 tasi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli bo‘lib, respublika umumiy gaz zaxirasining teng yarmi – 933 mlrd kub metri ushbu konlar hissasiga to‘g‘ri kelishi keltirib o‘tilgandi.

OPEK tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda O‘zbekistondagi gaz zaxirasi 1 trln 522 mlrd kub metrga baholangan va dunyodagi umumiy gaz hajmining 0,74 foizi bilan 22-o‘ringa joylashtirilgan. Boshqa bir xalqaro manbada esa bu ko‘rsatkich 1 trln 840,5 mlrd kub metr ekani ko‘rsatilib, O‘zbekiston eng ko‘p tabiiy gaz zaxirasiga ega davlatlar qatorida 17-o‘rinda qayd etilgan.

Gaz qazib olish oshishi mumkinmi?

Bir necha o‘n yilliklarga yetadigan zaxiramiz bor ekan, xorijdan gaz sotib olmay, shuni ishlatsak bo‘lmaydimi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. 2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida “tabiiy gaz qazib olish hajmini yiliga 62 mlrd kubga yetkazish” vazifasi qo‘yilgandi. Ushbu vazifa yangi tahrirdagi hujjatda “gaz qazib olish hajmini 186,8 milliard kub metrga yetkazish" jumlasi bilan almashtirilgan. Bu 5 yillik uchun umumiy ko‘rsatkich hisoblanib, keyingi yillarda qazib olish hajmi sezilarli darajada pasayib borishini anglatishi mumkin.

Mavzuga oid