Iqtisodiyot | 16:05 / 28.01.2026
629
2 daqiqa o‘qiladi

Investitsiya platformalari uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi

Yangi huquqiy tizim doirasida ulushli investitsiyalar, sheriklik, venchur va pay loyihalari elektron formatda amalga oshirilib, investitsiya jalb etish jarayonlarini soddalashtirish va investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekistonda investitsiya platformalari faoliyatini tartibga soluvchi maxsus huquqiy tizim joriy etildi. Fixygen nashrida qayd etilishicha, mazkur rejim doirasida ulushli investitsiyalar, sheriklik loyihalari, venchur hamda pay loyihalari kabi investitsiyaning elektron shakllari yo‘lga qo‘yildi. Muhim jihati — bunday investitsiyalar klassik fond bozoridan farqli ravishda qimmatli qog‘ozlar chiqarish va investitsiya vositachilarining majburiy ishtirokini talab etmaydi.

Qoidalarga ko‘ra, maxsus huquqiy rejim ishtirokchilari sifatida faqat O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar — investitsiya platformasi operatorlari faoliyat yuritishi mumkin. Talablarda platformalar investitsiya takliflarining shaffofligini ta’minlashi, shartnomalarni elektron shaklda tuzishi va barcha hisob-kitoblarni faqat nominal yoki eskrou hisobvaraqlar orqali amalga oshirishi shartligi belgilangan.

Shuningdek, tizimda investorlar huquqlarini himoya qilish, shuningdek AML/SFT (pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash) talablariga rioya etish bo‘yicha qat’iy mexanizmlar joriy etilishi nazarda tutilgan.

Mazkur yangilik biznes uchun moliya manbalarini diversifikatsiya qilish, xususiy va xorijiy investorlarning iqtisodiy loyihalardagi ishtirokini kengaytirish imkonini beradi. Investitsiya jarayonlarining raqamli kanallarga o‘tishi esa shaffoflikni oshirib, tadbirkorlar va investorlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid