Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xorijdan O‘zbekistonga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari miqdori qanday o‘zgaryapti?
2025 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining kirib kelishi 27 foizga oshib, qariyb 19 mlrd dollarga yetdi. Uchta hududda aholi daromadlarining 30 foizdan ko‘proq qismi, yana beshta hududda esa 20 foizdan ko‘proq qismi aynan tashqaridan kelib tushgan o‘tkazmalar hisobiga shakllandi.
Foto: Getty images
O‘zbekistonga 2025 yilda pul o‘tkazmalarining kirib kelishi 18,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bankda tashkil etilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga tayanib, Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Yil davomida eng ko‘p o‘tkazmalar iyul oyida amalga oshirilgan – 1 mlrd 973 mln dollar. Eng kami yanvarda – 1 mlrd 60 dollar.
«O‘tkazmalar 2025 yilda 2024 yilga nisbatan 27,2 foizga o‘sdi, bunga asosan, rubl kursi mustahkamlanishi hamda boshqa davlatlarga migrantlar oqimi oshishi xizmat qildi. Aholining valuta sotuvi va xaridi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2025 yilda 9,7 mlrd dollarni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 1,4 barobarga oshdi», deyiladi MB hisobotida.
2017-2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari dinamikasining o‘zgarishi

2020-2025 yillar oralig‘ida mamlakatga yuborilgan o‘tkazmalar miqdori 3 barobarga, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 8,6 foizdan 12,8 foizgacha ko‘paydi.
Pul o‘tkazmalariga bog‘liqlik
O‘zbekistonda aholi daromadlarining shakllanishida xorijdan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari juda muhim rol o‘ynaydi. Xususan, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha uchta hududda aholi daromadlarining 30 foizdan ko‘proq qismi, yana beshta hududda esa 20 foizdan ko‘proq qismi aynan tashqaridan kelib tushgan o‘tkazmalar hisobiga shakllangan. Mazkur ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan sezilarli darajada oshgan ham.

Bu esa o‘zbek migrantlari ishlaydigan mamlakatlarda talablarning qattiqlashtirilishi, ish o‘rinlari qisqarishi, migratsion siyosatda yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga hududlardagi uy xo‘jaliklarining ta’sirchan ekanini anglatadi. Xorijdan pul yuborishning oshishi yoki kamayishi odamlarning nisbiy boyishi yoki kambag‘allashishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
14:22 / 20.01.2026
Statistika qo‘mitasi: pul o‘tkazish xizmatlari 8,7 foizga oshgan
20:02 / 15.01.2026
O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishni kengaytirmoqchi
16:54 / 25.12.2025
6000 funt oylik, qalbaki taklifnoma va g‘oyib bo‘lgan «menejer». Soxta ish e’lonlari ortidagi firibgarlik sxemasi
14:34 / 23.12.2025