Jahon | 10:14
1874
3 daqiqa o‘qiladi

Minneapolisdagi hodisa: ikki ofitser xizmatdan vaqtincha chetlatildi

Minneapolisda o‘tkazilgan reyd davomida AQSh fuqarosi Aleks Pretti halok bo‘lgan operatsiyada qatnashgan federal xodimlar xizmatdan vaqtincha chetlatildi. Bu haqda chorshanba, 28 yanvar kuni dpa agentligi AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi vakiliga tayanib xabar berdi. Vazirlik vakili bu qadam shunday holatlarda “odatiy tartib” ekanini aytgan. NBC News ma’lumotiga ko‘ra, gap Prettiga o‘q uzgan AQSh Chegara va bojxona xizmatining ikki ofitseri haqida ketmoqda. Ularning ismlari oshkor qilinmagan.

Foto: Octavio Jones/AFP/Getty Images

Veteranlar uchun mo‘ljallangan shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida ishlagan 37 yoshli Aleks Pretti 24 yanvar kuni Minneapolis chekka hududida migrantlarni deportatsiya qilish maqsadida o‘tkazilgan reyd vaqtida otib o‘ldirilgan.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi dastlab Pretti qurollangan bo‘lganini, agentlar esa “o‘zini himoya qilish maqsadida” o‘q uzganini bildirgan. Biroq guvohlar, mahalliy amaldorlar va marhumning oila a’zolari bu talqinni rad etdi: ularning aytishicha, uning qo‘lida qurol emas, telefon bo‘lgan. Hodisa joyidan olingan videoyozuvlar ham Pretti qarshilik ko‘rsatmaganini va o‘q uzilgan paytda yerda yotgan holatda bo‘lganini ko‘rsatadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Pretti o‘limi yuzasidan jamoatchilikda kuchli norozilik to‘lqini ko‘tarilganidan keyin sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha “adolatli va munosib tergov” o‘tkazilishini e’lon qildi. AQSh Kongressi hodisa bo‘yicha dastlabki ichki tekshiruv yakunlari haqida hisobotni allaqachon olgan. Unda Pretti qo‘lga olish paytida qurolni olmoqchi bo‘lgani haqida hech qanday qayd yo‘q — bu esa Tramp ma’muriyatining ilk bayonotlariga zid keladi.

Tramp ma’muriyati boshlagan “immigratsiya qonunchiligiga rioya etilishini kuchaytirish” siyosati doirasida Minnesota shtatiga minglab federal xodimlar yuborilgan — ular migrantlarga qarshi keskin reydlar o‘tkazmoqda.

Prettining o‘limi Minneapolisda AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) agenti tomonidan 37 yoshli Rene Gud o‘ldirilganidan keyin oradan uch hafta ham o‘tmasdan sodir bo‘ldi. Tramp ma’muriyati Gudni “terrorist” deb atagan va uni otib qo‘ygan ICE xodimi “o‘zini himoya qilish” tartibida harakat qilganini, chunki Gud go‘yo uni “mashina bilan bosib ketishga” uringanini da’vo qilmoqda.

Minneapolis aholisi antimigrant reydlarga qarshi ommaviy chiqishlar qilmoqda: ko‘ngilli kuzatuvchilar qo‘shnilarni ICE borligi haqida ogohlantirmoqda, uydan chiqishdan qo‘rqayotgan migrant oilalariga oziq-ovqat yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan, keng ko‘lamli norozilik aksiyalari o‘tkazilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid