Ta’lim | 09:30
1313
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiy davlatlar xalqaro universiteti ochilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Turkiya oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar bilan uchrashdi. Muloqotda qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy hamkorlikning huquqiy asoslari ijrosi, Turkiy davlatlar xalqaro universiteti loyihasi hamda Yunus Emre instituti madaniyat markazi filialini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

2026 yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Turkiya oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar ishtirokida ikki mamlakat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Turkiya munosabatlari keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini, xususan, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar yo‘nalishlaridagi hamkorlik izchil kengayib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an taklifiga binoan 29 yanvar kuni Turkiyaga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi ikki tomonlama aloqalarni, jumladan ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Muzokaralarda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikning mavjud huquqiy asoslari ko‘rib chiqildi. Jumladan, ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida ilm-fan salohiyati, muhandislik ishlanmalari va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, sohaviy idoralar o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumlarining amaliy ijrosi muhokama qilindi.

Shu bilan birga, 2022–2024 yillarda Izmir, Samarqand va Istanbul shaharlarida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Turkiya ta’lim forumlari natijalari, mazkur forumlar doirasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari tahlil qilindi. Ayni paytda qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusida ushbu yo‘nalishni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish loyihasining amaliy bosqichlari ham muhokama qilindi. Uni to‘liq yo‘lga qo‘yish maqsadida professor-o‘qituvchilarni jalb etish, elektron ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar yuzasidan Turkiya tomonining ko‘magi muhim ekani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Yunus Emre instituti madaniyat markazi filialini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ushbu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni kengaytirish hamda mavjud tashabbuslarni samarali amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid