O‘zbekiston | 12:00
1924
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda FIFAᵀᴹ Jahon chempionati kubogi keng jamoatchilikka namoyish etildi

Kubok safari dunyoning o‘nlab mamlakatlarini qamrab olgan bo‘lib, millionlab muxlislarni birlashtirishi bilan mashhur. Toshkent mazkur global turni kutib olish uchun muhim shaharlardan biri sifatida tanlandi. Ushbu loyiha sport ishqibozlariga jahon futbolining eng nufuzli sovrinini yaqindan ko‘rish imkonini berdi.

Foto: Coca-Cola

O‘zekspomarkaz ko‘rgazmalar zalida FIFAᵀᴹ  Jahon chempionati kubogi keng jamoatchilikka taqdim qilindi. Tadbir Coca-Cola kompaniyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan FIFAᵀᴹ  World Cup Trophy Tour doirasida bo‘lib o‘tdi.

Marosim O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor FIFAᵀᴹ  Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani fonida o‘tkazilgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi. Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov kubokning ramziy qiymatiga to‘xtaldi:

“Aynan bugun ushbu kubok O‘zbekistonda namoyish etilayotgani mamlakatimiz uchun ulkan sharaf. Yosh futbolchilarga esa bu orzularni shakllantirishga turtki va ilhom manbai sifatida xizmat qiladi”, – dedi Adham Ikromov.

Uning ta’kidlashicha, Jahon chempionati kubogi shunchaki sport sovrini emas, orzu, birdamlik va futbolning beqiyos kuchini ifodalovchi timsoldir.  Vazir o‘z so‘zida davom etar ekan, milliy terma jamoaning Jahon chempionatiga yo‘llanma olishini mamlakat sporti taraqqiyoti yaqqol natijasi sifatida baholadi.

Marosimda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) rahbariyati va Coca-Cola kompaniyasi besh yillik hamkorlik shartnomasini rasman e’lon qildi. Hamkorlik dasturi yoshlar jamoalarini rivojlantirish va mamlakat sport infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan.

Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Kazumasa Mukaye esa kubok safari mazmuni haqida gapirdi:

Biz bu kubokni butun dunyo bo‘ylab olib yuramiz. Sovrin faqat chempionlar, davlat rahbarlari va FIFAᵀᴹ  prezidenti tomonidan ko‘tariladi. Uni O‘zbekistonda namoyish qilish biz uchun ham katta sharaf. Qayd etish joiz, milliy terma jamoangizning Jahon chempionatiga chiqishi mamlakat futboli uchun yangi bosqich. Bu kubok yosh futbolchilarni kelajakdagi maydonlarda muvaffaqiyat qozonishga ruhlantiradi”, – dedi u.

Mukayye, shuningdek, Coca-Cola kompaniyasi FIFAᵀᴹ  Jahon chempionati kubogi safari rasmiy homiysi sifatida o‘ttiz yildan buyon faoliyat yuritib kelayotganini ta’kidladi.

Tadbirda italyalik mashhur futbolchi, jahon chempioni Marko Materatssi, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ishtirok etdi. Ular yosh futbolchilar va muxlislar bilan uchrashib, Jahon chempionati kubogining mavqeyi va sportdagi intizom hamda ishtiyoq haqida fikr almashdi.

Tadbir yakunida mehmonlar O‘zbekistonga olib kelingan asl Jahon chempionati kubogi bilan suratga tushish imkoniga ega bo‘lishdi.