Jahon | 11:01 / 02.02.2026
2217
3 daqiqa o‘qiladi

Eron namoyishlarda halok bo‘lgan qariyb 3000 kishining ismlarini e’lon qildi

Eron ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida halok bo‘lganlar haqidagi ismlardan iborat dastlabki ro‘yxatni oshkor qildi. Prezident Mas’ud Pezeshkiyon ma’muriyati yakshanba, 1 fevral kuni e’lon qilgan hujjatda 2985 nafar inson haqida ma’lumot bor, holbuki rasmiy statistikaga ko‘ra qurbonlar umumiy soni 3117 kishini tashkil etadi.

Foto: MEK/The Media Express/SIP/SIPA

Ma’muriyat bayonotiga ko‘ra, ro‘yxatda 2986 ta ism bor. Biroq jadvaldagi bir qator ustunlar nom uchun ajratilgani sabab, amalda ro‘yxatda 2985 nafar halok bo‘lgan shaxs haqida ma’lumot keltirilgan. Ismlar sonidagi 131 ta farqni hokimiyat bu qurbonlarning shaxsi hali aniqlanmagani bilan izohladi — ularning ismlari keyinroq e’lon qilinadi.

Namoyishlar 2025 yil dekabr oxirida Tehronda boshlangan. Ilk bosqichda ular iqtisodiy sabablar bilan qo‘zg‘algan. Ammo tez orada norozilik siyosiy tus olib, butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan. Rejim ularni qattiqqo‘llik bilan bostirishga uringan.

Davlat idoralari, xorijiy OAV va guvohlar ma’lumotiga ko‘ra, 8 va 9 yanvar kechalari eng qonli kunlar bo‘lgan. Faqat shu ikki kunda 30 ming nafargacha odam o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin, deb yozgan Time jurnali — u mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligidagi yuqori lavozimli xodimlarga tayangan.

Namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikning haqiqiy ko‘lami va qurbonlar aniq soni haligacha noaniq. Guvohlar va huquq himoyasi tashkilotlari Eron xavfsizlik kuchlari mamlakat bo‘ylab namoyishchilarga o‘q uzganini xabar qiladi. Biroq internet va telefon aloqasining o‘chirib qo‘yilishi, shuningdek voqealarni yoritish ustidan qat’iy davlat nazorati ma’lumotlarni mustaqil ravishda tekshirishni qiyinlashtirmoqda.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi 23 yanvar kuni namoyishlar davomida halok bo‘lganlar umumiy soni 3117 kishi ekanini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular orasida 2427 nafar tinch aholi va xavfsizlik xizmatlari xodimlari bor. Qolgan qurbonlarni vazir “terrorchilar” deb atagan.

Mustaqil huquq himoyasi tuzilmalari esa boshqa baholarni keltirmoqda. AQShda joylashgan Human Righs Activiss News Agency (HRANA) agentligi 31 yanvar holatiga ko‘ra 6713 ta o‘limni tasdiqlaganini, yana 17 091 holat bo‘yicha ma’lumotlarni tekshirayotganini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid